Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida qishga tayyorgarlikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni hal etish masalalari tanqidiy tahlil qilindi. “Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, yig‘ilishida joylarda is gazidan zaharlanish va chaqnash holatlari ham uchrayotgani ta’kidlangan.

Shu kunga qadar bunday holatlar oqibatida 106 nafar fuqaro vafot etgan, 190 nafari zaharlangan va kuyish tan jarohati olgan.

Jumladan, davlat rahbari bugun Yangiyo‘l tumanida 3 nafar fuqaro is gazidan olamdan o‘tganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abdulla Aripovga FVVning Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish, uni tubdan isloh qilish va yangi tizim yaratish bo‘yicha takliflar berishga oid topshiriq berdi.

11-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati Kengashida senator Qutbiddin Burxonov 2020-yilning o‘tgan davrida is gazidan zaharlanish va gaz chaqnashi oqibatida 80 nafar fuqaro vafot etganligini ta’kidlagan edi.