Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov ma’lum qildi.

“Elektr energiyasi bo‘yicha eng katta qarzdorlik hozirgi kunda Samarqand viloyatida 655 mlrd so‘m. Bu jami ko‘rsatkich, ya’ni yuridik va jismoniy shaxslarning umumiy qarzdorligi. Respublikada jami 3 trln 500 mlrd so‘m qarzdorlik mavjud. 1-dekabr holatiga ko‘ra, aholining elektr energiyasidan qarzdorligi 2 trln 340 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda. 1-oktabr holatiga ko‘ra, bu qarzdorlik 2 trln 380 mlrd so‘m bo‘lgan”, — dedi Jahongir Obidjonov.

Jahongir Obidjonov. Foto: Shuxrat Latipov / “Gazeta.uz”.

Ma’lum bo‘lishicha, qolgan 1 trln 160 mlrd so‘m qarzdorlik yuridik shaxslar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, jamiyat vakili billing tizimi o‘rnatilgani natijasida qarzdorlik holati 2 oy ichida 40 mlrd so‘mga kamayishiga erishilganini ham qayd etdi.

Bundan tashqari, tadbirda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilishdan asosiy maqsad nima ekanligiga ham to‘xtab o‘tilgan.

“Birinchi maqsad qarzdorlikni qisqartirish. Ikkinchidan, bu iste’molchi bilan ta’minotchi o‘rtasidagi hisob-kitoblarning shaffofligini ta’minlaydi. Shuningdek, mazkur tizim iste’molchilarni to‘lov intizomiga o‘rgatadi. Bu tizim joriy qilingandan keyin biz qaysi tarmoqda, qaysi nuqtada, qaysi uchastkada katta yuklama mavjud, qayerda elektr energiyasi eng ko‘p yo‘qotilyapti aniqlash imkoni paydo bo‘ldi. O‘z nomi bilan aytaylik: o‘g‘rilik qayerda bo‘lyapti shuni ko‘rishimiz va oldini olishimiz mumkin”, — deya ta’kidladi Jahongir Obidjonov.