26-dekabr kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Hozirga qadar xizmat o‘z faoliyatini qonunosti hujjatlari asosida yuritib kelmoqda. Qonun esa xizmat faoliyatida huquqiy asos vazifasini o‘taydi. Unda qo‘riqlanishi belgilangan shaxslarning toifasi, xizmatning maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, davlat organlari bilan hamkorlik masalalari aks etgan. Shuningdek, loyihada xizmat faoliyatini nazorat qilish tartibi ham nazarda tutilgan.
Ta’kidlanishicha, loyiha jamoatchilik muhokamasiga ham qo‘yilgan, qolaversa, AQSh, Rossiya, Koreya davlatlarining sohadagi qonunchilik asoslari o‘rganilgan. Qonun loyihasi 2008-yil 10-oktabrda imzolangan MDH ishtirokchi davlatlarining davlat qo‘riqloviga olingan shaxslarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik kelishuvi asosida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston qonun hujjatlarini MDH davlatlari bilan imzolangan xalqaro shartnomalarga muvofiqlashtirish imkonini ham beradi.