Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev 29 dekabr kuni Kongress xollda o‘tkazilgan davlat rahbarining murojaatnomasiga bag‘ishlangan tadbirdan so‘ng jurnalistlarga intervyu berdi. «Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, u davlat xaridlari sohasida manfaatlar to‘qnashuviga oid holatlarga qonunchilikda javobgarlik belgilanmaganini ta’kidlagan.

«Jizzax bilan Andijonda bo‘layotgan voqealar aslida o‘zi yangilik emas. Faqatgina jamoatchilikka endigina oshkor qilingani uchun «xayp» yaratayapti. Bu aslida, yillar davomida amalga oshirilib kelinayotgan amaliyot. Birinchi marotaba bo‘layotgani yo‘q, bu ikki voqea aslida «aysberg»ning uchi. Ushbu muammoni deyarli hamma viloyatda topasiz. Bu muammoga Jizzax yoki Andijon misolida emas, balki biz tizimli yechim taklif qilishimiz kerak», — dedi deputat.

Shu bilan birga, u viloyatlardagi davlat buyurtmalariga oid tender savdolarida tanish-bilishchilik holatlarini Andijon viloyati prokuraturasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganishi bo‘yicha ham fikr bildirdi.

«Ularning tekshiruvi natijasida mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish bo‘lsa, jinoiy javobgarlik qo‘llash mumkin. Lekin agar ko‘rsatilgan mablag‘larga yetarli xizmat taqdim etilgan bo‘lsa, bunga javobgarlikning o‘zi yo‘q. Afsuski qonunlarimiz shunaqa», deya qayd etdi Doniyor G‘aniyev.

Deputat parlament quyi palatasi 1 dekabr kuni qabul qilgan yangi tahrirdagi «Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasida mazkur muammo o‘z yechimini topganini ta’kidladi.

«Davlat xaridlari to‘g‘risidagi yangi qonun, o‘ylaymanki, mana shu muammolarga tizimli yechim bo‘yicha ilk qadam bo‘ladi. Bu qonun bilan birinchi marta ma’muriy javobgarlikni belgilaymiz. Hozir Jizzax va Andijondagi voqeada huquqiy javobgarlikning o‘zi yo‘q. Manfaatlar to‘qnashuvi bor. Lekin agar u pulni o‘marmagan bo‘lsa, ya’ni belgilangan mablaqqa xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, unga javobgarlik yo‘q. U faqat manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha davlat xaridlarini buzgan, lekin javobgarlik qonunda belgilanmagan. Biz shu muammoni Qonunchilik palatasida yangi qonun bilan yechib, uni qabul qildik. Hozir Senatga ketgan. Qonun bilan eng yuqorisi — 50 baravargacha (BHMning miqdori — tahr.) ma’muriy javobgarlik belgilayapmiz, texnik xato bo‘lsa 10 baravargacha jarima qo‘llaniladi», — dedi Doniyor G‘aniyev.

Deputat, shuningdek, aslida bu jarima yetarli bo‘lmasligi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi.

«Aslida mening fikrim, bu ham hozircha kam, — dedi deputat. Qarshiliklar ko‘p bo‘ldi, parlamentning o‘zida kammi, ko‘pmi? degan muhokama bo‘ldi. Mana shuni joriy etsak, birinchi qadam bo‘lsa, buni amaliyotda natijasini ham ko‘ramiz. Ya’ni jarimalarning joriy etilishi ijobiy natija beradimi yoki yetarli emasmi? Yetarli bo‘lmasa, keyingi qadam — kerak bo‘lsa manfaatlar to‘qnashuvi qismiga jinoiy javobgarlikni belgilash kerak. Buni endi amaliyotda bosqichma-bosqich ko‘ramiz», — deya qo‘shimcha qildi deputat.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Andijon viloyatida «Yagona buyurtmachi xizmati» IK rahbariga taalluqli kompaniya 20 mlrd so‘mlik davlat buyurtmalarini qabul qilgani to‘g‘risida yozgan edi. Shuningdek, tahririyat Jizzax shahrini manzarali daraxtlar va gullar bilan bezash uchun 2 mlrd so‘m sarflangani va ushbu davlat xaridini qo‘lga kiritgan kompaniya viloyat hokimi qiziga tegishli ekani, qolaversa, Jizzaxda 292,1 mlrd so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan kompaniyalar viloyat hokimi o‘rinbosariga aloqador bo‘lishi mumkinligiga oid tekshiruv o‘tkazgandi.

Shundan so‘ng, Andijon viloyati prokuraturasi Andijonda davlat xaridlaridagi «tanish-bilishchilik» holatlarini o‘rganishi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Jizzaxda viloyat hokimining qizi qo‘lga kiritgan bir necha milliardlik davlat buyurtmalari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishini ma’lum qildi.