2021 yilning 1 yanvar kunidan boshlab O‘zbekistonda qonunchilikdagi bir qator o‘zgarishlar, xususan davlat byudjeti, pasport o‘rniga ID-kartalar, bir qator litsenziyalar va bojxona to‘lovlarinining bekor qilinishi, Soliq kodeksidagi yangiliklar, chekka hudularda ishlayotgani uchun mutaxassislarga tovon pulining to‘lanishi, davlat xaridlari tizimida yangiliklar, markalash va boshqa ko‘p narsalar kuchga kirdi. Dayjest Gazeta.uz tomonidan Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Yangi Davlat byudjeti

2021 yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Davlat byudjetining 2021 yilgi xarajatlari 149,5 trln so‘mni yoki YAIMga nisbatan 21,7 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Shuningdek, 2021 yilda Davlat byudjeti daromadlari 147,2 trln so‘m miqdorida yoki YAIMga nisbatan 21,4 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Byudjet kamomadi 17,3 trln so‘m miqdorida tasdiqlangan.

Mamlakat yalpi ichki mahsuloti 5,1 foizga o‘sib, 688,9 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Bundan tashqari, inflyatsiya darajasining pasayish tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda uning 9−10 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Soliq siyosatidagi yangiliklar

O‘zbekiston Soliq kodeksiga bir qator yangilanishlar va o‘zgartirishlar kiritildi. 2021 yil uchun soliq siyosatida soliqlarning asosiy stavkalari saqlab qolinadi, xususan QQS (15%), daromad solig‘i (15%, ayrim toifalar uchun — 20%), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (12%), yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i (2%), qishloq xo‘jaligi yerlari uchun yer solig‘i (0,95%), ijtimoiy soliq (xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar — 12%, byudjet tashkilotlari — 25%) va oborot solig‘i (bazaviy stavka — 4%).

Bir qator litsenziyalar bekor qilindi

Prezident farmoniga ko‘ra, 2021 yilning 1 yanvardan boshlab 266 turdagi litsenziyalarning 70 tasi, 140 ta ruxsatnomalarning 35 tasi bekor qilindi.

Pasport o‘rniga ID-kartalar

4 yanvardan boshlab ID-kartalar bir yoshga to‘lmagan yangi tug‘ilgan bola uchun — 2 yil muddatga, 1 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslar — 5 yil muddatga (ota-onalar, vasiylar, homiylarning qaroriga binoan), 16 yoshdan — 10 yil muddatga (O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va 16 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — 5 yil muddatga) beriladi.

Yo‘l qoidalarini buzishni tasvirga olish qurilmalarining ro‘yxati kengaytirildi

1 yanvardan boshlab avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar, shuningdek, videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalar orqali YHQ buzish holatlarini qayd etsa bo‘ladi. Videolarni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish ham ko‘zda tutilgan.

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish

Quyidagilar bajariladi:

  • 2022 yilning 1 yanvarigacha umumiy ovqatlanish sohasida kichik biznes sub’ektlarining bank kartalari va kontaktsiz to‘lovlardan foydalangan holda jismoniy shaxslardan olgan daromadlari umumiy belgilangan soliqlarni to‘lashga majburiy o‘tish maqsadida umumiy daromadlar tarkibiga kiritilmaydi;
  • ko‘chmas mulk faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxslar uchun oborot solig‘i stavkasi 25% dan 13% gacha tushirildi;
  • qurilish kompaniyalariga ish haqini naqd pul bilan to‘lash bilan shartnoma tuzmasdan ishchilarni muayyan muddatga jalb qilishga ruxsat beriladi, ularning hajmi hisobot davri uchun ish haqi jamg‘armasining 10 foizidan oshmasligi kerak (ijtimoiy soliq miqdori bundan mustasno) bo‘ladi.

Xorijda ishlashga ketayotganlar majburiy kasb-hunarga o‘qitiladi

1 yanvardan boshlab tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijga chiqib ketayotgan shaxslarni, ishga yuborishdan oldin majburiy tartibda kasb-hunarga o‘qitish tizimi joriy qilinmoqda. Hujjatga ko‘ra, buni amalga oshirish uchun 13 ta «Ishga marhamat» monomarkazlari, 30 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari,11 ta Toshkent shahri tumanlaridagi qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslari hamda 136 ta mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari faoliyat olib borishadi.

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» ga kiritilgan oila a’zolari pul ishlash uchun chet elga chiqishlari uchun mikrokreditlar olishlari mumkin. 10 million so‘mgacha bo‘lgan mikrokreditlar transport xarajatlarini qoplash va ishlashga ruxsat olish uchun 1 yil muddatga beriladi.

2021 yildan qonuniy migrantlar o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlaydiganlarga tenglashtiriladi. Ular ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashlari mumkin. (O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida onlayn ro‘yxatdan o‘tish. Qo‘llanma)

Monopoliyaga qarshi komplayens tizimi

1 yanvardan boshlab tajriba (sinov) tariqasida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar:

  • Uzbekistan airways;
  • «Kvars»;
  • "Asaka" banki;
  • UzAuto Motors;
  • «O‘ztransgaz»;
  • "Navoiazot";
  • "Issiqlik elektr stansiyalari";
  • «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari»;
  • «Qizilqumsement».

Olis hududlarda ishlaydiganlar uchun pul kompensatsiyasi

2021 yil 1 yanvardan boshlab olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarida har oylik pul kompensatsiyasi beriladi.

Barcha sudlarda sud majlislarini audioyozuv orqali qayd etsa bo‘ladi

Barcha sudlarda sud majlislari ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib boriladi hamda sud majlislari bayonnomalari ushbu tizimdan (sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sudyalar o‘rtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud qarorlarini Internet tarmog‘ida e’lon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish tizimlari) foydalangan holda shakllantiriladi.

Tizimli ravishda skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi

Tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini ta’minlash maqsadida 40 va undan yuqori yoshdagi fuqarolarda yurak qon-tomir xavfini (gipertoniya, infarkt, insult, qandli diabet va boshqa xavf omillarini) aniqlash bo‘yicha tizimli ravishda skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi.

Tibbiyot xodimlari bir martalik pul mokofoti bilan rag‘batlantiriladi

Qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinika deb qayta nomlanib, ularda tunu kun navbatchi tibbiyot xodimi xizmat ko‘rsatadi.

Oilaviy shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari faoliyati samaradorligi bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy qilinadi hamda uning natijalariga qarab ushbu xodimlar har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi boshlig‘iga ajratilayotgan mablag‘lar doirasida, zaruriyatga qarab, tor soha shifokorlari shtatlarini mustaqil belgilash vakolati beriladi.

Umumta’lim muassasalarining reytingi

Tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi o‘rinni egallagan umumta’lim muassasalari direktorlari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik rag‘batlantiriladi.

Xalq ta’limi bo‘limi mudirlari va metodistlariga, umumta’lim muassasalari direktorlariga hamda tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi beshta o‘rinlarni egallagan umumta’lim muassasalarining 2 nafar o‘qituvchilariga sanatoriylarda dam olish uchun bepul yo‘llanmalar beriladi.

Test sinovlari maktab dasturiga moslashtiriladi

Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun test sinovi topshiriqlari davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida tuzilib, test sinovi materiallarining ma’no-mazmuni umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi fanlarning o‘quv dasturlariga moslashtiriladi.

Xususan:

  • test sinovi topshiriqlari davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida tuziladi;
  • test sinovi materiallarining ma’no-mazmuni umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi fanlarning o‘quv dasturlariga moslashtiriladi;
  • abituriyentlarning nazariy bilimlarni o‘zlashtirish darajasi bilan birga mantiqiy fikrlashi, masala va misollarni bajara olish qobiliyati va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorgarligini baholaydigan, kompetensiyaga asoslangan test topshiriqlari ishlab chiqiladi;
  • amaldagi ABITUR dasturini takomillashtirish hisobiga yangi dasturiy mahsulot ishlab chiqiladi hamda 2021/2022 o‘quv yili uchun saralash test sinovlari yangi test savollari asosida o‘tkaziladi.

Aholi punktlarining bosh rejalarining jamoat ekspertizasini amalga oshirish mexanizmi joriy etiladi

Ushbu loyiha doirasida:

  • aholi punktlarining bosh rejalari jamoat muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda tasdiqlanadi;
  • aholi punktlari bosh rejalarining jamoat ekspertizasini amalga oshirish mexanizmi joriy etiladi;
  • aholi punktining taklif etilgan bosh rejasidan norozi bo‘lgan jamoat nazorati sub’ektlarining tashabbusiga ko‘ra aholi punktining muqobil bosh rejasini ishlab chiqish yoki unga o‘zgartirish (tuzatish) kiritish mexanizmi joriy etiladi;
  • aholi punktlari bosh rejalarining jamoat muhokamasini tashkil etish mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklanadi.

Elektr energiyasi to‘lovlarini o‘z vaqtida va to‘liq undirish

Elektr energiyasi hisobini to‘liq yo‘lga qo‘yish, to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirishni ta’minlash, tizim orqali aniqlangan xatoliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda hisoblagichlarni o‘rnatish va joriy etilgan tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil qilinib, joylardagi barcha xodimlarning ko‘nikma va malakasi oshiriladi.

Shuningdek, har bir tuman va shaharda hisoblagich o‘rnatish guruhlari shakllantiriladi. Ehtiyojga ko‘ra, tumanlararo mobil o‘rnatish guruhlari tashkillashtirilib, grafik asosida hududlarga jalb qilinadi.

Ayrim turdagi bojxona yig‘imlari bekor qilinadi

Xususan:

  • davlat bojxona xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladigan pulli xizmatlar turlari kengaytiriladi hamda qat’iy belgilangan bojxona yig‘imlari stavkalari belgilanadi;
  • ruxsat etuvchi xususiyatdagi hujjatlarni berish bilan bog‘liq ayrim turdagi bojxona yig‘imlari bekor qilinib, xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi;
  • tovarlarni «bojxona hududida qayta ishlash» va «bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash» bojxona rejimlarida rasmiylashtirganlik uchun bojxona yig‘imi stavkalari pasaytiriladi;
  • bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarni yetkazib berish muddatiga rioya qilmaslik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rniga moliyaviy chora sifatida bojxona yig‘imi joriy etiladi.

Milliy geoaxborot tizimi

1 yanvardan boshlab milliy geoaxborot tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • yer turi, konturi, chegarasi va huquq egalari haqidagi barcha ma’lumotlar Kadastr agentligining onlayn geoportaliga kiritiladi;
  • onlayn geoportal Milliy geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi;
  • yer balansi va uning hisoboti, tuman (shahar) yer kadastri daftari faqat Milliy geoaxborot tizimida yuritiladi;
  • Davlat kadastrlari yagona tizimi Milliy geoaxborot tizimida shakllantiriladi;
  • tegishli davlat kadastrlari ma’lumotlari Milliy geoaxborot tizimiga faqat telekommunikatsiya tarmoqlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etib boriladi.

Maktablarda yangi lavozim

Har bir umumta’lim muassasasida Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etiladi. Mazkur lavozimga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar, oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va o‘qituvchilari jalb qilinadi.

Bukmekerlik faoliyati

2021 yil 1 yanvardan boshlab xalqaro tajribadan kelib chiqib sport sohasini, ayniqsa, futbolni yanada rivojlantirish, uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

«Akademik harakatchanlik» dasturi

Ilmiy tashkilotlar rahbarlarini Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qitish va muntazam malakasini oshirib borish tizimi joriy qilinadi.

Har bir ilmiy tashkilotda ilm-fan va ilmiy faoliyat bo‘yicha maslahatchi lavozimi kiritiladi, bu lavozimga taniqli ilm-fan namoyandalari va nufuzli olimlardan biri tayinlanadi hamda maslahatchi tashkilotning Ilmiy kengashini boshqaradi.

Bundan tashqari, «Akademik harakatchanlik» dasturi joriy qilinadi. Dastur doirasida, jumladan, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarning ilmiy g‘oyalarini rag‘batlantirish uchun Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan grantlar ajratiladi.

Shuningdek, ilmiy darajali kadrlar tayyorlashni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi joriy qilinadi.

Favqulodda vaziyatlar oqibatida yo‘qotilgan hujjatlarni tiklashda davlat boji undirilmaydi

O‘zbekiston va xorijiy davlatda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (ofatlar) yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan hujjatlarni tiklashda ular davlat boji va yig‘imlardan ozod qilinadi.