2021 yilda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan yo‘l harakati sohasida interaktiv xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha Road24 axborot tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan va hozirda test talqini ishga tushirilish arafasida, deya xabar berdi IIV YHXBB axborot xizmati.
Mobil ilova yo‘l harakati qatnashchilari va YPX xodimlari uchun qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda axborot kiritish, olish va tarqatish imkoniyatlari mavjud.
Dastur orqali yo‘l-transport hodisasi o‘choqlari haqida tezkor xabardor qilish, yangi o‘rnatilgan yo‘l belgilari haqida xabardor qilish, chorrahalarda tirbandliklarni oldini olish, muammoli vaziyatlarni kamaytirish maqsadlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, ilovada yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar haqida ma’lumotlarni olish va ularni to‘lash imkoniyati mavjud bo‘ladi. Bunda har bir foydalanuvchiling o‘z shaxsiy kabineti bo‘ladi. Foydalanuvchilarda transport vositasini jarima maydonchasidan olib chiqish uchun masofadan turib, onlayn tarzda ruxsatnoma olish imkoniyati ham mavjud bo‘ladi.
Ilova orqali ma’lum muddatga yopilgan yo‘llar haqida, yo‘llar bo‘yicha statistik ma’lumotlar berib boriladi.
Bundan tushqari, haydovchi yoki piyoda tomonidan aniqlangan yo‘lda harakatlanish bilan bog‘liq muammolar ushbu dasturga belgilanib, boshqa haydovchilar ogohlantiriladi.
«Ko‘zlangan maqsadlardan yana biri — dasturda belgilangan kamchilik va muammolar mas’ullar tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilishidir», deyiladi IIV YHXBB Axborot xizmati xabarida.