Amaldagi AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z shtabi prezident saylovlari natijalarining qayta ko‘rib chiqilishi uchun barcha qonuniy imkoniyatlardan foydalanganligini, ammo endi murosa vaqti kelganini ta’kidladi.

U hokimiyatni saylangan prezident Jo Bayden ma’muriyatiga sokin o‘tishini ta’minlashga va’da berdi. «Biz jadal saylovlardan o‘tdik va ehtiroslar juda yuqori bo‘ldi. Biroq endi hovurdan tushib, tinchlikni tiklash lozim», — dedi Tramp o‘z murojaatida.

Bundan tashqari, Donald Tramp Kongress binosiga bostirib kirilganligini qoraladi. U bosqinchilar «Amerika demokratiyasi taxtini tahqirlashganini» va aybdorlar qonun oldida javob berishini ta’kidladi. «Barcha amerikaliklar singari men ham zo‘ravonlik, qonunsizlik va uyushtirilgan dahshatdan g‘azabdaman», — dedi prezident.

Tramp o‘zining «ajoyib» tarafdorlariga ham murojaat qilib, ularga barchasi endi boshlanayotganini aytdi.