Ichki ishlar vazirligi nomidan uning axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov TikTok platformasi foydalanuvchilari va ularning ota-onalarini ogohlantirib, video xabar yo‘lladi.
«Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarning TikTok platformasida fuqarolarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni o‘zlariga e’tibor jalb qilish maqsadida turli masxaraomuz, odob-ahloq qoidalariga zid harakatlari tasvirlangan videolarini ko‘plab kuzatyapmiz. Hurmatli ota-onalar farzandlaringizning tarbiyasiz va odobsiz qiliqlariga ko‘z yumsangiz biz bunday ahloqsizlikka yo‘l qo‘ymaymiz», — dedi G‘iyosov.
IIV qamoq bilan jazolanish to‘g‘risida ham ogohlantirib o‘tdi.
«Esingizda bo‘lsin, farzandingizga ham buni uqtiring, fuqarolarning osoyishtaligini, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish mayda bezorilik hisoblanadi va 15 sutkagacha qamoq bilan jazolanadi», — dedi vazirlik vakili.
Shohrux G‘iyosov tiktokerlarning ota-onalariga murojaat qilib: «Ogohlantiramiz, farzandlaringizni nazorat qiling. Yoshligidan taltaytirib, keyin afsuslanib yurmang», — deya qo‘shimcha ham qildi.