O‘zbekiston Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Taraqqiyot strategiyasi markazi» hamda «Yuksalish» UMHning maxsus saytlariga joylashtirilgan 2021 yil uchun Davlat dasturi loyihasida aytib o‘tilgan. Izoh va takliflarni havola orqali o‘tib, qoldirish mumkin.
Loyihada 2021 yilning dekabr oyiga qadar «O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosatini izchil amalga oshirish hamda belgilangan strategik rejalarning jadal ijrosini ta’minlash maqsadida» Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini takomillashtirish nazarda tutiladi.
Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi 2012 yil 10 sentyabr kuni birinchi prezident Islom Karimov tomonidan imzolangan O‘zbekiston qonuni bilan tasdiqlangan edi. Hozirda Qonunchilik milliy bazasida (Lex.uz) ushbu hujjat yo‘q. Qonunga havola Senat Kengashining qarorida mavjud, lekin havola bo‘yicha o‘tilganda «404» xatosi (Sahifa topilmadi) kelib chiqadi.
2012 yilda «Gazeta.uz» Konsepsiyada quyidagi asosiy qoidalar bayon etilganligini yozgan edi:
1) O‘zbekiston Respublikasi davlatning, xalqning oliy manfaatlariga, farovonligi va xavfsizligiga, mamlakatni modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlariga, amaldagi milliy qonunchilik hamda qabul qilingan xalqaro majburiyatlarga amal qilgan holda ittifoqlar tuzish, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirish, shuningdek, ulardan chiqish huquqini o‘zida saqlab qoladi;
2) O‘zbekiston tinchliksevar siyosat yuritadi va harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi, har qanday davlatlararo tuzilmalar harbiy-siyosiy blokka aylangan taqdirda, ulardan chiqish huquqini o‘zida saqlab qoladi;
3) O‘zbekiston Respublikasi qo‘shni davlatlardagi qurolli ziddiyatlarga va tang vaziyatlarga tortilishining oldini olish yuzasidan siyosiy, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlarni ko‘radi, shuningdek, o‘z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari va ob’ektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
4) Konstitusiyaga, «Mudofaa to‘g‘risida"gi qonunga va Harbiy doktrinaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari faqat davlat suvereniteti va mamlakat hududining yaxlitligini himoya qilish, aholining tinch hayoti va xavfsizligini asrash maqsadidagina tuziladi hamda xorijdagi tinchlikparvarlik operatsiyalarida ishtirok etmaydi.
«Gazeta.uz» Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasining Milliy qonunchilik bazasida yo‘qligi to‘g‘risida izoh so‘rab Adliya vazirligiga murojaat qildi.