Ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Ikromov prezidentning 18 yanvardagi farmoni bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Ushbu ma’lumotni «Gazeta.uz»ga IBV matbuot xizmati tasdiqladi.
Azizbek Ikromov 2019 yil noyabr oyidan beri Ichki ishlar vazirligi rahbarining o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritadi.
2020 yil fevral oyida u qo‘shimcha ravishda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan edi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi prezident farmoni bilan o‘tgan yilning fevralida tashkil etilgan. Jamiyatda «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyilining to‘laqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama ko‘maklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini o‘rnatish vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.