Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, veb-sayt egalariga O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini O‘zbekiston hududida saqlash majburiyati yuklandi.
Hujjat 27−1-modda bilan to‘ldirildi.
O‘zgartirishlarga ko‘ra:
- O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari jismoniy jihatdan O‘zbekiston hududida joylashgan va Davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tgan texnik vositalar yordamida qayta ishlanishi kerak;
- ma’lumotlarni lokalizatsiya qilish talabi axborot texnologiyalari, shu jumladan Internet orqali ma’lumotlarni qayta ishlashga taalluqli;
- ma’lumotlarni lokalizatsiya qilish, yig‘ish, tizimlashtirish va saqlash talabi mulkdorda yoki operatorning zimmasida hisoblanadi.
«Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonun ikki yil oldin — 2019 yil yanvar oyida qabul qilingan va o‘sha yilning 1 oktyabridan kuchga kirgan.
Shaxsiy ma’lumotlar ma’lum bir shaxsga tegishli bo‘lgan, uni aniqlashga imkon beradigan elektron, qog‘oz va (yoki) boshqa moddiy vositada yozilgan ma’lumotlarni anglatadi.