14 nafar fuqaroni chet davlatlarga ishga yuborib, ularni turli qiyinchiliklarga duchor qilgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar bermoqda.

Toshkentda fuqaro M.A. va S.S. oldindan til biriktirib, Q.M. va boshqalarni Yevropa davlatlariga oyiga 2000−3000 AQSH dollari to‘lanadigan ishga yubormoqchi bo‘lgan.

Fuqarolarga ishchi vizalarini olib berish evaziga jami 5 500 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlandi.

Bundan tashqari, S.S. va boshqalar jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2019 yilning noyabr oyida 14 nafar fuqaroni Ukrainaning Kiyev shahrida oyiga 500 AQSH dollari oylik to‘lanadigan qurilish ishlarida ishlab, keyin Yevropa davlatlariga ishga o‘tkazib berishga ko‘ndirgan.

Kiyevga yetib borishi uchun 2019 yilning 29 noyabrida aviachipta olishgan va Kiyevdagi qurilish firmasida ularning pasportini olib qo‘ygan. 75 kun davomida moddiy jihatdan o‘ziga qaram qilgan holda og‘ir mehnat sharoitlarida ishlatib, 17 500 AQSH dollari miqdoridagi ish haqlarini bermasdan aldab kelgani aniqlandi.

Shundan so‘ng ushbu fuqarolarni Belorussiyaning Gomel va Rossiyaning Moskva shahriga olib borishgan. Fuqarolarni shu yerdan Yevropaga ishchi vizasini olib berishi haqida takror aldashib, ularning mazkur davlatlarda ishsiz yurib, turli qiyinchiliklarga duchor bo‘lishiga sababchi bo‘lishgan.

Ushbu holatlar yuzasidan fuqarolar M.A., S.S. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi (ko‘p miqdorda firibgarlik) va 135-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.