Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xalqaro guruhi 14 yanvar kuni COVID-19 ni keltirib chiqaruvchi Sars-Cov-2 virusining tarqalish sabablarini o‘rganish uchun 2019 yil dekabrning oxirida kasallik o‘chog‘i ilk bor aniqlangan Xitoyning Uxan shahriga borgan edi.
Olimlar ikki hafta davomida ilmiy tadqiqot institutlari, shifoxonalar vakillari hamda shahardagi dengiz mahsulotlari bozori xodimlaridan intervyu oldi.
Dushanba, 9 fevral kuni ekspertlar o‘z xulosalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular kasallanish laboratoriyada infeksiya sizib chiqishi natijasida yuzaga kelgan bo‘lishi ehtimolini juda past deb hisoblamoqdalar, deya xabar qildi RIA Novosti.
«Biz virusning odamlarga qanday yuqishi mumkinligi to‘g‘risida to‘rtta farazni ilgari surdik… Birinchisi, hayvondan odamga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqishi. Ikkinchi gipoteza, virus odamga eng yaqin bo‘lgan oraliq hayvondan yuqqan bo‘lishi mumkin, ya’ni ushbu virus odamga yuqquniga qadar moslashib, aylanib yurgan bo‘lishi mumkin. Uchinchi versiya — bu oziq-ovqat zanjiri, ayniqsa muzlatilgan oziq-ovqat, uning sirti odamga yoki oziq-ovqat orqali virusni yuqtirish manbai bo‘lishi mumkin. Va oxirgisi laboratoriya bilan bog‘liq hodisa bo‘lishi mumkin», — dedi JSST xalqaro guruhi rahbari Piter Ben Embarek.
Uning ta’kidlashicha, mutaxassislar barcha farazlarni diqqat bilan o‘rganib chiqishgan. Eng katta ehtimol bilan virus oraliqdagi tashuvchi orqali yuqtirib olingan bo‘lishi mumkin. JSST mutaxassislari kelgusida ushbu farazni o‘rganmoqchi.
Bundan tashqari, mutaxassislarning fikricha, muzlatilgan oziq-ovqat mahsulotlarining yuzasi orqali virus yuqishi ehtimoli ham katta. Bu virusni uzoqdan tashib kelingan bo‘lishi ehtimolini ilgari surmoqda.
Uchinchi ehtimolga ko‘ra, virus ko‘rshapalaklardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqqan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, virusning laboratoriyada sizib chiqish yo‘li bilan insonga yuqqan bo‘lishi ehtimoli juda past. Ushbu faraz ekspertlar kelgusida virusning kelib chiqish sabablarini aniqlashga qaratilgan o‘rganishlar uchun tavsiya qilinadigan farazlar o‘rtasida yuqori o‘rinlarda turmaydi.