Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov xorijlik mehmonlarni adras ko‘ylakda gul ko‘tarib, kutib olishga OTM qizlari jalb qilinayotganiga munosabat bildirdi.

«Bizni vazir o‘rinbosarimiz ham katta xatoga yo‘l qo‘ygan. Eng yomon ko‘rganim shu, xorijdagi mehmonlarni kutib olish uchun nega mening gul qizlarim, gul ko‘tarib chiqishi kerak? U yerga ham o‘zingizni farzandingizni qo‘yib ko‘ring. U bo‘yicha alohida buyruq qilamiz. Buni majburiy mehnatga tenglashtiramiz. Bu majburiy mehnatning bir ko‘rinishi», — dedi vazir.

Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov.

Ya’ni u qizlar xohlab borayotgani yo‘q. Sovuqda, darsdan chiqib, to‘garakka borish kerak bo‘lgan vaqt yoki dam olish vaqti adras ko‘ylakni kiyib gul ko‘tarib borish qaysi qizga yoqadi? Bo‘lmagan narsa u. Tarjimon bo‘lsa tushunaman, turizmda o‘qisa tushunaman. Stadionni to‘ldirish uchun ham talaba, fon uchun talaba, festival bo‘lsa talaba… Hamma joy huquqiy qolipga tushishi shart. Talaba o‘qish kerak. Kerak bo‘lsa to‘yib uxlashi kerak, talabaning shaxsiy hayotiga aralashishga haqqimiz yo‘q", — degan Abduqodir Toshqulov.

Avvalroq, bloger Alimoff Toshkent shahriga bir qator oliy va yuqori darajadagi mehmonlar tashrifi chog‘ida ularga gul berish maqsadida OTMlarda tahsil olayotgan, davlat protokoliga mos keluvchi qizlarning ro‘yxatini berish so‘ralgan xatni e’lon qilgan edi. Unga poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev imzo chekkan.

Alimoff / Telegram.

«Tashrif dasturlariga muvofiq, mazkur mehmonlarni kutib olish va kuzatish davrida mehmonlarga o‘zbek milliy libosidagi qizlar guldasta taqdim etadilar.

Shu munosabat bilan, Toshkent shahrida joylashgan oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan, davlat protokoli talablariga mos keladigan 50 nafar talaba-qizlarning ro‘yxati, ikkitadan foto-surati, pasport nusxasi va ma’lumotnomalari joriy yilning 5 fevraliga qadar taqdim etilishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz.

Tavsiya etiladigan talaba-qizlarning bo‘y basti, tashqi ko‘rinishi, tarbiya va odobi, chet tillarini bilish qobiliyatiga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq", deyilgan edi xatda.