Ukraina MDHning havo makoni to‘g‘risidagi shartnomasidan chiqdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy «Ukrainaning MDH doirasida tuzilgan xalqaro shartnomalardan chiqishi to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. Mamlakat, xususan, 1991 yil 25 dekabrda Minsk shahrida Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Ukraina tomonidan imzolangan fuqarolik aviatsiyasi va havo makonidan foydalanish to‘g‘risidagi bitimdan chiqmoqda. Ushbu kelishuvga binoan, imzolagan davlatlarning havo hududi yagona havo makoni sifatida ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, farmonga muvofiq, Ukraina 1992 yil 15 mayda Toshkentda imzolangan havo makonidan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomadan chiqadi. Ushbu kelishuvda qatnashuvchi davlatlar Hamdo‘stlik qurolli kuchlari faoliyatini amalga oshirish uchun o‘z hududlari bo‘ylab havo hududini taqdim etishlari va ularning faoliyati buzilishiga yoki asoratlanishiga olib keladigan harakatlarni amalga oshirmasliklari ko‘rsatilgan. Zelenskiy Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga aviatsiya va havo makonidan foydalanish bo‘yicha kengashga mamlakatning aytib o‘tilgan bitimlardan chiqqanligi to‘g‘risida xabar berishni buyurdi. — Gazeta.uz

Belarusda muhim tovarlarning narxlari muzlatildi

Belarus hukumati oziq-ovqat, tovarlar va muhim dori-darmonlarning narxlarini muzlatib qo‘ydi. Rasmiylar narxlar holatini barqarorlashtirish va bozorni ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim mahsulotlar bilan to‘ldirish maqsadida narxlarga cheklov qo‘yishni qaror qilishdi. Guruch, un, grechka, bug‘doy yormasi, jo‘xori uni, arpa, non, mol go‘shti, cho‘chqa go‘shti, tovuq go‘shti, ba’zi kolbasa mahsulotlari, baliq, sut va sut mahsulotlari, ba’zi mevalar va sabzavotlar, shakar, sovun, hojatxona qog‘ozi, gugurt o‘z ichiga olgan 62 ta ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarga narxlar muzlatilgan. Shuningdek, dori vositalari ro‘yxatiga 50 ta turdagi preparatlar kiritildi. Ro‘yxatdagi tovarlarni olib kiradigan yoki sotadigan kompaniyalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar 24−28 fevral kunlari ular uchun narxlarni belgilashi kerak bo‘ladi. 2021 yil 1 martdan ushbu tovarlarga narxlarning o‘zgarishi o‘tgan oyning oxirgi kunidagi narxga nisbatan oyiga 0,2 foizdan oshmasligi kerak. Ixtisoslashtirilgan davlat idoralari va mahalliy hokimiyat organlariga davlat tomonidan qat’iy tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar etishmasligining oldini olish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. — Hujjat.

Xitoy sudi fuqaroga uy ishlari uchun xotiniga pul to‘lashni buyurdi

Pekin okrugi sudi fuqaroga turmush o‘rtog‘ining turmushi paytida qilgan uy ishi uchun tovon pulini to‘lashni buyurdi. Ayol besh yillik haqsiz ishi uchun 50 ming yuan (taxminan 7700 dollar) oladi. Sud bayonotiga ko‘ra, erkak kishi 2020 yilda ajrashish uchun ariza bergan. Ayol kishi uning eri uy va bolalarni parvarish qilish uchun hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaganini aytib, moliyaviy tovon pulini talab qildi. Sud fuqaroga oylik 2000 yuan (taxminan 309 dollar) miqdorida aliment to‘lashni hamda tovon puli sifatida bir martalik 50 ming yuan to‘lashni buyurdi. Ilgari ajrashgan er-xotinlar bunday tovon pulini faqat nikoh shartnomasi imzolangan taqdirdagina so‘rashlari mumkin edi. Endilikda, yangi qonunga binoan, turmush o‘rtog‘i, agar u bolalarni tarbiyalash, keksa qarindoshlariga g‘amxo‘rlik qilish va ish sheriklariga yordam berish uchun katta mas’uliyat yuklagan bo‘lsa, ajrashgan taqdirda tovon pulini talab qilishga haqlidir. — BBC News.

AQSH va Kanada 2050 yilga kelib chiqindilarni nol darajasiga yetkazish bo‘yicha kelishib oldi

AQSH prezidenti Jo Bayden 23 fevral kuni Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo bilan 2050 yilga kelib chiqindilarni nol darajasiga yetkazish ustida ishlashga kelishib olganlarini aytdi. «Biz iqlim ambitsiyalari bo‘yicha yuqori darajadagi vazirlar muloqotini boshlaymiz va 2050 yilga kelib, chiqadigan chiqindilarni nolga yetkazish bo‘yicha maqsadlarimiz to‘g‘risida kelishib olamiz», dedi Bayden Kanada rahbari bilan ikki tomonlama uchrashuvdan keyingi nutqida. Baydenning energetika siyosati oldida turgan muammo AQSHning 2050 yilgacha chiqindilarni nolga yo‘naltirish yo‘lini belgilashdan iborat, deyiladi xabarda. — Interfaks.

Millatchilar Ukraina prezidentining idorasi oldida miting uyushtirishdi

23 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:00da ukrainlik millatchilar, shu jumladan Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko bilan bog‘liq «Kapitulyatsiyaga qarshilik harakati» assotsiatsiyasi vakillari Kiyev markazidagi prezident idorasi oldida to‘plandilar. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mitingda 2000 kishi qatnashgan. Ular Sergey Sternenkoni yetti yil va uch oylik qamoq jazosiga hukm qilgan sud qaroriga qarshi chiqishdi. Namoyishchilar, xususan, hukmni qayta ko‘rib chiqishni, ularning fikriga ko‘ra sudga bosim o‘tkazgan bosh prokuror Irina Venediktovaning iste’fosini talab qilmoqchi ekanliklarini aytdilar. Miting boshlanganidan deyarli darhol millatchilar Zelenskiy ma’muriyatiga bostirib kirishga urinishdi. To‘qnashuvlar natijasida huquqni muhofaza qilish organlarining 27 xodimi jarohat olgan. Politsiya 24 kishini hibsga olib, huquqni muhofaza qilish organi vakiliga qarshilik ko‘rsatish moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘adi. Hozirda barcha namoyishchilar tarqalib ketgan. Xabarda yozilishicha, namoyishning davomi shanba kuniga belgilangan. — TASS.

23 fevral kuni Odessaning Primorskiy sudi hududning «O‘ng sektori» hujayrasining sobiq rahbari Sergey Sternenkoni odam o‘g‘irlashda aybdor deb topdi va mol-mulkini musodara qilish bilan yetti yil uch oyga ozodlikdan mahrum qildi. Sudlanuvchi bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib odam o‘g‘irlashda va noqonuniy qurol saqlashda aybdor deb topildi.