23 fevral kuni HyattRegency Tashkent mehmonxonasida Misrning Solyphar kompaniyasi bilan «Tabletkalar, qattiq jelatinli kapsulalar va dozalangan kukunlar shaklidagi dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish» investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar qildi.
Mazkur qo‘shma loyiha Misr Arab Respublikasi prezidenti Abdul-Fattoh as-Sisining 2018 yil 4−5 sentabr kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshiriladi.
Mazkur loyiha uchun 20 million dollar miqdorida sarmoya kiritiladi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 500 million dona tabletka, 200 million dona kapsula va 10 million dona sasheni tashkil etadi. Jami 120 dan ortiq dori turlari ishlab chiqariladi. Yangi korxona Zarur ishlab chiqarish amaliyoti — GMR talablariga javob beradi.
Shuningdek, korxona ishga tushirilishi munosabati bilan 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Yangi va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali mahalliy mutaxassislarni yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga tayyorlashni tashkil etish rejalashtirilgan.