Toshkent shahar hokimligida poytaxtda koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha Toshkent shahar shtabi rahbari, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev boshchiligida maxsus yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosarlari, shahar sektor rahbarlari, tuman hokimlari va boshqarmalar rahbarlaridan iborat shtab a’zolari ishtirok etdi. Yig‘ilish doirasida so‘nggi kunlarda «Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlari ortayotganligi» yuzasidan Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining axboroti tinglandi.

«Shuningdek, mavjud vaziyatni nazoratga olish, shahrimizning barcha tumanlari, mahallalari, ish joylari va ta’lim maskanlari, shuningdek, aholi ko‘p to‘planadigan bozorlar va savdo markazlari, jamoat transportlarida amaldagi karantin tartib-qoidalariga to‘liq rioya qilinishini ta’minlash muhimligi alohida ta’kidlab o‘tildi», — deyiladi xabarda.

Bayonotga asosan, poytaxt hududida koronavirus infeksiyasining keng tarqalishini oldini olish hamda amaldagi karantin talablari va sanitar-gigiyena tartib qoidalariga aholi tomonidan to‘liq rioya etilishini nazoratga olish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

«Toshshaxartrancxizmat» AJ xabar berishicha, shahar jamoat transportidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqobda bo‘lishlari, shuningdek, belgilangan karantin talablari va sanitariya me’yorlariga qat’iy amal qilishlari talab etiladi. Ushbu talablar bugungi kundagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, jamoat transportida «COVID-19» virusi hamda turli yuqumli mavsumiy infeksiyalar tarqalishining oldini olish va yo‘lovchilar salomatligini asrash maqsadida joriy etildi.