Amerika Qo‘shma Shtatlari armiyasining muhandislar korpusi (United States Army Corps of Engineers, USACE) gidrotexnik inshootlarning xavfsiz ishlashini monitoring qilish bo‘yicha mutaxassislari guruhi 15 mart kuni O‘zbekistonga yetib keldi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.
Mutaxassislar Suv xo‘jaligi vazirligi, «O‘zbekgidroenergo», «Davsuvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi va boshqa tuzilmalar vakillari bilan birgalikda 28 martga qadar Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi Gissarak va To‘polon to‘g‘onlarini tekshiradilar.
Mutaxassislar gidrotexnika inshootlarining jismoniy holati va yaxlitligini o‘rganadilar, ularning ishlashida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni tahlil qiladilar. Natijalar asosida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning modellarini ishlab chiqish, oqibatlarini tahlil qilish, shuningdek, suv o‘tkazgichlarining texnik monitoringi va xavfsizligi darajasini oshirish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Yanvar oyi boshida USACE mutaxassislari to‘g‘on xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun onlayn treninglar o‘tkazdilar.
USACE 1775 yilda tashkil etilgan bo‘lib, AQSHda to‘g‘onlarning rejalari, loyihalari, qurilishi va toshqinlardan muhofaza qilishga hamda tabiiy ekotizimlarning biologik xilma-xilligini tiklashda mas’ul hisoblanadi. Shuningdek, korpus dunyoning 110 mamlakatida gidrotexnika inshootlarini loyihalashtirish, qurish, xavfsizlik bo‘yicha tadqiqotlar va dambalarning yorilishi oqibatlarini bartaraf etishda ko‘maklashadi.