Avvalroq, Bosh prokuratura tomonidan prezidentning «Xotin-qizlar va bolalar huquqlarining kafolatlarini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingani haqida yozgan edik.

Ushbu hujjat loyihasi bilan Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilyapti.

Jumladan, qasddan odam o‘ldirganlik uchun javobgarlikka tortish yoshini 14 yosh etib belgilash bo‘yicha o‘zgartish kiritish reja qilingan. Amalda esa javobgarlik 13 yoshdan etib belgilangan. Ma’lumot uchun, Germaniya, Fransiya va MDHga a’zo mamlakatlarning Jinoyat kodekslarida javobgarlik yoshi 14 yosh hisoblanadi.

Shu qatorda, Jinoyat kodeksini samosud — «o‘zboshimchalik bilan jazolash maqsadida shaxsga zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yo‘li bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazish»ga oid norma bilan to‘ldirish taklif qilinayapti.

Ma’lumot o‘rnida: amalda aynan samosud qilganlik uchun jazo belgilanmagan. Faqatgina MJtKning 200-moddasi hamda JKning 229-moddasida o‘zboshimchalik uchun jazo qayd etilgan. Odatda samosud sodir etilganda, JKning 104-moddasi (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish), 104-moddaci (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) hamda 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) qo‘llaniladi. Samosud shaxsning o‘limiga olib kelsa, unda JKning 97-moddasi 1-qismi bilan 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi mumkin. Og‘irlashtiruvchi holatlar esa 97-moddaning 2-qismi «l» bandi, ya’ni bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘ladi.

Loyihaga muvofiq, voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar, xususan, JKning 128-moddasi (18 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) va 129-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) sanksiyalarini oshirish ko‘zlangan.

Shu bilan birga, 18 yoshga to‘lgunga qadar sodir etgan jinoyati uchun voyaga yetmagan shaxs jazoni o‘tab bo‘lganidan so‘ng sudlanmagan deb hisoblash ham taklif qilinayapti.

Bundan tashqari, voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni so‘roq qilishning umumiy davomiyligi kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun 1 soatlik tanaffusni hisobga olmaganda 4 soatdan oshmasligi belgilab qo‘yilishi mumkin. Amaldagi normaga ko‘ra, ushbu muddat 6 soatni tashkil etadi.

Loyihaga muvofiq, voyaga yetmagan jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini so‘roq qilishda voyaga yetmagan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining iltimosiga ko‘ra psixolog ishtirok etishi mumkin.

Shu kabi normalarni Jinoyat kodeksiga kiritish maqsadida Bosh prokuratura, IIV, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz birgalikda uch oy muddatda hujjat loyihasini ishlab chiqadi.

Ushbu qaror loyihasi muhokamasi 3 aprelga qadar davom etadi.