Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan e’lon qilinadigan World Happiness Report 2021 reytingiga ko‘ra, Finlyandiya 2020 yil yakunlari bo‘yicha eng baxtli mamlakat deb topildi. O‘zbekiston bo‘yicha ko‘rsatkichlar bu yilgi reytingdan o‘rin olmagan.

«2020 yil butunlay boshqacha yil bo‘ldi. Bu hisobot COVID-19 oqibatlari va butun dunyo aholisi qanday yashaganligi to‘g‘risida. Bizning maqsadimiz quyidagicha edi: birinchidan, COVID-19 odamlar hayotining sifatiga va tuzilmasiga qanday ta’sir o‘tkazganligini o‘rganish, ikkinchidan, hukumatlar pandemiya bilan qanday kurashganligini baholash», — deyiladi hisobotda.

Finlyandiya to‘rtinchi marotaba BMT ta’rifiga ko‘ra eng baxtli mamlakat deb topildi.

Eng baxtli mamlakatlar qatorida Islandiya, Daniya, Shveysariya, Gollandiya, Shvetsiya, Germaniya, Norvegiya, Yangi Zelandiya va Avstriya mamlakatlari bor. AQSH 14-o‘rinda, Buyuk Britaniya 18-o‘rinda va Fransiya 20-o‘rinda.

MDH davlatlari orasida bu yil eng baxtli mamlakat Qirg‘iziston (33-o‘rin) bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (36), Moldaviya (49), Rossiya (60), Tojikiston (62), Ukraina (69), Gruziya (73).

Eng baxtsiz mamlakatlar Zimbabve va Tanzaniya bo‘lgan.

2020 yilgi so‘rovnomalarda qatnashgan 95 ta mamlakat orasida O‘zbekiston yo‘q. Bunga pandemiya yilida ko‘p mamlakatlarda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham ushbu reyting bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilmagani sabab bo‘ldi.

Lekin, an’anaviy ravishda hisobotda beriladigan uch yillik bo‘yicha o‘rtacha reytingda O‘zbekiston 149 mamlakat orasida 42-o‘rinni egallagan va MDH davlatlari orasida yetakchilikni saqlab qolgan.

O‘tgan yili O‘zbekiston ushbu reytingda 38-o‘rinni egallagan edi.

O‘tgan yilgi hisobotda har bir mamlakatning asosiy shaharlari aholisining hozirgi kundagi hayotidan qoniqishlari va kelajakda ushbu shaharda yashash qanchalik yaxshi bo‘lishi haqidagi fikrlari ham o‘rganilgan edi.

O‘tgan yilgi hisobot natijalariga ko‘ra, dunyoning yirik shaharlari orasida Toshkent — aholisi eng optimist shahar bo‘lgan edi. So‘rovnomada qatnashgan O‘zbekiston poytaxti aholisi kelajakda ushbu shaharda yashash sharoitlaridan umidlari katta ekanligini bildirishgan, oqibatda Toshkent Kelajakdagi hayot reytingida 186 mamlakat orasida 1-o‘rinni egallagan edi. Hayotdan qoniqish bo‘yicha esa Toshkent 75-o‘rinda bo‘lgan.

An’anaviy tarzda dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan so‘rovnomalarda har bir mamlakatdan 1000 ga yaqin 15 va undan katta yoshdagi aholi qatnashadi. So‘rovnomalar davlat tilida o‘tkaziladi. So‘rovnomalar asosida yuzaga keladigan global indekslar mamlakatning yalpi ichki mahsuloti, umr ko‘rish davomiyligi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, erkinlik, korrupsiya va boshqa ko‘rsatkichlar asosida tuziladi.