Namangan viloyatidagi maxsus bog‘cha tarbiyalanuvchisi qaynoq suvdan kuyish natijasida vafot etdi. Namanganliklar.uz nashrida e’lon qilingan videomaterialga Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Xabarda ta’kidlanishicha, Davlatobod tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi 31-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan, 2015 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek Xoshimov 5 fevral kuni «o‘zining ehtiyotsizligi natijasida muassasa suv tizimidagi issiq suv jo‘mragini ochib yuborgani» natijasida 2-darajali 65% kuyish tan jarohatini olib, viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga yotqizilgan.

Voyaga yetmagan Ulug‘bek Xoshimov 2019 yildan buyon ushbu muassasada aqliy rivojlanishi orqada qolish tashxisi bilan tarbiyalanayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, olib borilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, bola kuyish natijasida olgan tan jarohatlari oqibatida 24 fevral kuni vafot etgan.

Namangan viloyat STEBning 24 fevraldagi 70-sonli xulosasida, marhum Ulug‘bek Xoshimovning o‘limi — qaynoq suvdan bosh, yuz va tananing boshqa qismlarining 2,3-darajali 70% kuyishi asorati natijasida poliorgan yurak qon-tomir yetishmovchiligi natijasida o‘limga olib kelganligi va murda tanasida kuyishdan boshqa tan jarohatlari aniqlanmaganligi ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odam o‘lishiga sabab bo‘lsa), 207-moddasi 1-qismi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.