Angren, Nurafshon, Olmaliq shaharlari, Piskent, O‘rtachirchiq va Yangiyo‘l tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun ajratilgan pullar talon-taroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, «Suvoqova» DUK Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi bilan 6 ta MCHJ o‘rtasida tuzilgan pudrat shartnomalariga asosan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritilgan.
Amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali jami 493,8 mln so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi ma’lum bo‘lgan.

Ushbu holatlar yuzasidan jamiyat rahbarlari va boshqalarga nisbatan JKning 167-moddasi (talon-toroj qilish), 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.