Avvalroq, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizida Turizm va sport vazirligi tashkil qilingani haqida yozgan edik.
Mazkur vazirlikning rahbariyati O‘zbekiston prezidentining 9 apreldagi bir qator farmon va qarorlari asosida tasdiqlandi.
Jumladan, prezident farmoni bilan Aziz Abdukaxarovich Abduhakimov bosh vazirning o‘rinbosari — turizm va sport vaziri lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan bosh vazirning o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan (avvalroq tugatilgan) ozod etildi.
Prezident qarorlari bilan vazirga o‘rinbosarlar ham tayinlanmoqda:
Ulug‘bek Ahmadovich Azamov — turizm va sport vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Shunga ko‘ra, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi.
Abdulaziz O‘rolboyevich Akqulov — turizm va sport vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Avazjon Qudratillayevich Karimov — turizm va sport vaziri o‘rinbosari bo‘ldi. Shu munosabat bilan u jismoniy tarbiya va sport vazirining o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi.
Zarif Ochilovich Kazakov — turizm va sport vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Qolaversa, bunga qadar prezident farmoni bilan tugatilgan vazirlik va qo‘mita rahbarlarining o‘rinbosarlari lavozimlaridan ozod etilmoqda:
Ravshan Sayfiddinovich Irmatov — boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosarligidan ozod qilindi.
Nodir Xujamqulovich Murotov — boshqa ishga o‘tayotgani sabab jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Faxriddin Umarovich Davrukov — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi. U ham boshqa ishga o‘tayotgani ma’lum qilindi.