Termiz prokurori 5 aprel kuni 16 yoshli maktab o‘quvchisining zo‘rlanishi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi shahar IIO FMB qarorini bekor qilib, ishni qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazishga yubordi. Bu haqda Surxondaryo viloyat prokuraturasi xabar qildi.
9 aprel kuni senator Farhod Boqiyev Termizda o‘quvchi ikki marta — 2020 yil yanvar va fevralda zo‘rlangani haqida xabar qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar IIB jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan va 14 oy davomida «boshqarmada do‘stlari bo‘lgan» gumondorga nisbatan chora ko‘rmagan.
Prokuror aralashuvidan so‘ng holat bo‘yicha sudga oid qayta komission tibbiyot ekspertizasi tayinlangan bo‘lib, to‘plangan hujjatlari Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika sud-tibbiyot ekspertiza ilmiy-amaliy markaziga yuborilgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning qo‘shimcha qilishicha, mavjud qarama-qarshiliklarni bartaraf etish va haqiqatni aniqlash maqsadida 11 aprel kuni holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 118-moddasi (Shaxsning 18 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda nomusga tegish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi TB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.