Jizzaxda chiqindi yig‘ish transportining gaz balloni portlashi oqibatida 2 nafar fuqaro jarohatlandi. Bu haqda IIV YHXBB matbuot xizmati xabar bermoqda.
13 aprel kuni soat 7:40 atrofida Jizzax shahrining Mustaqillik ko‘chasida “Toza hudud DUK"ga tegishli chiqindi yig‘ish maxsus transport vositasida o‘rnatilgan gaz ballon portlab ketdi.
Oqibatda shu ko‘chada bo‘lgan Cobalt rusumli, ko‘chaning ikkinchi tomonida turgan Nexia-1 rusumli hamda Spark rusumli avtomashinalarga jiddiy zarar yetgan. Shuningdek, piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan ikki nafar piyoda og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonaga yuborilgan.
“Soat 6 larda borib, gaz quyish shahobchasidan 27 metr kub gaz soldim. Ishga ketayotganimda, yo‘lda to‘xtasam to‘satdan portlab ketdi. Orqadan mashina uribdimi, deb o‘ylabman. Oldingi oynalar sochilib ketdi”, — deydi gaz balloni portlagan avtomashina haydovchisi.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.