Samarqandda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida vazirlik va tarmoqlar rahbarlari, mahalliy kengash deputatlari, nuroniylar, yoshlar bilan viloyat faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
«Men har doim Samarqandni sog‘inaman. Ko‘p joylarda ishladim, lekin bu viloyatda orttirgan tajribam juda ko‘p qo‘l keladi. U paytlar qo‘limiz kalta, imkoniyatimiz cheklangan edi. Shuni e’tiborga olib, har safar Samarqandga kelganimda o‘zimga savol beraman: hozirgi imkoniyatlarni o‘sha paytda qilish mumkinmidi? Imom Buxoriy bobomizning zamonaviy majmuasini o‘sha paytda qurish mumkinmidi? Yurakda juda katta qiynalishlar bilan, qachon bo‘lar ekan, deb armon bilan ishlaganmiz. Hozir zamon o‘zgardi, odamlar endi kechagiday yashashga majbur emas. Eng katta masala — joylardagi ijro hokimiyati rahbarlari bugungi hayot, harakat, shiddatga mos ishlashi kerak», -dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident «Samarqandning ertangi kunini yanada yaxshi qilish, yoshlarga imkoniyatlarni kengaytirish» birinchi navbatdagi masala ekanligini ta’kidladi.
«2020 yil og‘ir yil bo‘ldi, manaman degan davlatlar iqtisodiyoti bu sinovlarni ko‘tarolmadi. Bu yil kechagiga nisbatan intilishimiz o‘zgarib, ertangi kun manfaati nuqtai nazaridan harakat tuyg‘usi paydo bo‘lsa, oldimizga qo‘ygan rejalarimizni bajara olamiz. Agar bizga kimdir qilib beradi, degan paysalga solish bo‘lsa, bunday xohish bilan hech qachon natijaga erisholmaymiz», — dedi davlat rahbari.
Prezident viloyatning foydalanilmagan imkoniyatlarini ishga solish uchun 5 ta drayver sohani ko‘rsatib o‘tdi. Bular — sanoat, transport logistikasi, yirik industrial issiqxonalar, xizmat ko‘rsatish va turizm.
2021−2022 yillarda Samarqand viloyatida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida qiymati 30 trln 415 mlrd so‘mlik 1 ming 279 ta investitsiya loyihasi rejalashtirilgani ta’kidlandi. Xususan, 12 trln so‘mlik 1 ming 184 ta hududiy, 18 trln so‘mlikdan ziyod 95 ta tarmoq loyihalari amalga oshiriladi. 1,8 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi va 26 mingta doimiy ish o‘rni tashkil etiladi.
Energetika sohasida 974 mln dollarlik 8 ta yirik loyiha amalga oshirilib, yiliga 6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, natijada 1,8 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, Fransiyaning Total Eren kompaniyasining 100 mln dollar sarmoyasi hisobiga shu yil dekabrda Nurobod tumanida quvvati 100 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.
Prezident Urgut tumanini to‘liq erkin iqtisodiy zonaga aylantirish, viloyatning barcha hududlarida ushbu iqtisodiy zonaning filiallarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Shuningdek, «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi negizida xolding kompaniya tuziladi.
Qo‘shrabot, Ishtixon va Urgut tumanlarida 8 ming gektarda intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etiladi.
Shavkat Mirziyoyev har bir mahalladagi muammolar va imkoniyatlarni o‘rganib, aholini tadbirkorlik va o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlashga jalb qilish orqali qashshoqlikni kamaytirish asosiy vazifa bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
Ushbu yilda 915 ta qishloq va mahallada qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarilishi, 658 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari ta’mirlanib, 210 ta qishloq va mahalladagi suv ta’minoti yaxshilanishi aytib o‘tildi. Shuningdek, ipoteka dasturi doirasida 3 ming 450 kvartirali ko‘p qavatli uylar qurilib, 2 ming 200 ta oilaga subsidiya beriladi.