Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan ishlab chiqilayotgan koronavirusga qarshi vaksinalar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining nomzod vaksinalar ro‘yxatiga kiritildi, deya xabar qildi Innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Ilg‘or texnologiyalar markazi rekombinant S oqsilli, Genomika va bioinformatika markazi esa SARS-Cov-2ning oqsil bo‘lagining uch sohasi: pcDNA3. 1 (+) plazmidasiga qo‘yilgan NTD, RBD va HR1-HR2 vaksinasini ishlab chiqdi. Mazkur ikki vaksina hozirda klinik oldi sinovlaridan o‘tmoqda.

JSSTning ma’lumotlar bazasi COVID-19 vaksinasiga qarshi vaksina-nomzodlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarni yig‘ib boradi. Mazkur baza muntazam ravishda — haftasiga ikki marta yangilanadi. Unda COVID-19ga qarshi nomzod-vaksinalarning klinik va klinik oldi jadvali keltirilgan bo‘lib, nomzod-vaksinalarni tahlil qilish imkoniyatini beradi. Har bir vaksinaning 1-faza, 2-faza va 3-faza sinovlari kuzatiladi. Vaksinalarning xavfsizligi va samaradorligi to‘g‘risidagi ilmiy maqolalarga havolalar beriladi. Shuningdek, bu baza har bir nomzod-vaksinaning asosiy xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

O‘z navbatida mazkur platforma orqali COVID-19 qarshi yaratilayotgan vaksinalar turli kriteriylar, xususan vaksina platformasi, vaksinatsiya grafigi, qo‘llash usuli, ishlab chiqaruvchisi, sinov fazasi, klinik natijalar bo‘yicha tasniflangan.

JSSTning 16 apreldagi ma’lumotlariga ko‘ra, 88 ta vaksinaga klinik sinovlardan o‘tishga ruxsat berilgan, 184 ta vaksina klinik oldi sinovlari bosqichida turibdi. Dunyo bo‘yicha COVID-19ga qarshi 19 ta vaksina tasdiqlandi yoki tasdiqlanish arafasida.