Samarqand viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlarining joriy yilning I choragi davomidagi faoliyati sarhisob qilindi. Ekologiya davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, fuqarolar tomonidan uch oy ichida 1477 ta qonunbuzilish holatlari sodir etilgan.

Yo‘nalishlar kesimida qoidabuzarliklar quyidagicha:

  • Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishni nazorat qilish — 633 ta;
  • Atmosfera havosini muhofaza qilish — 503 ta;
  • Suv ob’ektlarini muhofaza qilish — 53 ta;
  • Yer va yer osti boyliklarini muhofaza qilish — 82 ta;
  • O‘simlik dunyosini muhofaza qilish — 160 ta;
  • Ov va ovchilik qoidalariga rioya qilish — 37 ta;
  • Baliqchilik qoidalariga rioya qilish — 9 ta.

Aniqlangan holatlar yuzasidan qonunbuzarlarning barchasiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Natijada 748,4 mln so‘m jarima belgilangan. Qolaversa, 98 ta holatda 279,9 mln so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan.

Viloyat ekologiya boshqarmasining ma’lum qilishicha, hozirga qadar shundan 470,9 mln so‘m miqdorida jarima va 209,8 mln so‘m zararlar davlat foydasiga undirilgan. Mazkur raqamlardan ko‘rinib turibdiki, qolgan 277,4 mln so‘m jarima hamda 70,8 mln so‘m zarar undirilmagan.