O‘zbekistonga yana 1 million doza miqdorda Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi tomonidan o‘zbekistonlik mutaxassislar hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi Xitoydan olib kelindi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Ushbu vaksinaning 1 million dozalik avvalgi partiyasi shu yilning 27 mart kuni keltirilgan edi.
SSV xabariga ko‘ra, ayni paytgacha emlangan 565 ming nafardan ortiq aholining 46 foizi, ya’ni 263 ming nafardan ortig‘i ZF-UZ-VAC2001 bilan emlangan.
ZF-UZ-VAC2001 bilan emlanish 65 yosh va undan katta yoshdagi emlanivchilar orasida 148 ming nafardan ortiqni, tibbiyot xodimlari orasida 114 ming nafardan ortiqni tashkil qilgan.
26 aprel kuni ZF-UZ-VAC 2001 bilan emlangan fuqarolar soni 14 522 nafarni tashkil qilib, ushbu vaksina bilan kunlik emlanish ko‘rsatkichi 68 foizga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval «Sputnik V» vaksinasining ikkinchi partiyasi keltirilgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, AstraZeneca vaksinasining ham yangi parniyasini keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.