O‘zbekiston qirg‘iz-tojik chegarasida vaziyatning keskinlashishi va ikkala tomonda ham qurbonlar bo‘lishiga olib kelgan vaziyat haqidagi ma’lumotni chuqur xavotir bilan qabul qildi, deb xabar berdi TIV.

«Biz tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatishga, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rishga va ziddiyatning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan voz kechishga chaqiramiz», deyiladi TIV bayonotida.

«Bugungi kunda barcha masalalar va mavjud muammolar Markaziy Osiyodagi qardosh xalqlarga xos bo‘lgan ko‘p asrlik do‘stlik, qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlari ruhida faqat muzokaralar va maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal qilinishi kerak», — deyiladi bayonotda.

Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, O‘zbekiston «yuzaga kelgan vaziyatni tezroq tartibga solish uchun har tomonlama yordam berishga» tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 28 aprel kuni qirg‘iz-tojik chegarasidagi to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Natijada 11 kishi jarohatlangan edi. Bu Tojikiston tomoni «Golovnoy» suv taqsimlash punkti yonida kuzatuv kameralarini o‘rnatgandan so‘ng boshlangan. Qirg‘iziston tomoni uskunani olib qo‘yishni talab qilgan. Og‘zaki to‘qnashuvdan so‘ng, har ikki tomondan mahalliy aholi bir-biriga tosh otishni boshladi. RIA Novosti xabariga ko‘ra, hozirda chegarada otishma sodir bo‘lmoqda.

Ayni damda, otishma oqibatida Tojikistonning yana 5 nafar, Qirg‘izistonning ham 5 fuqarosi jarohatlangan, bir nafari vafot etdi.

Qirg‘izistonning Ko‘k Tosh qishlog‘ida bir nechta uy yonmoqda. Xabarga ko‘ra, zarar ko‘rgan uylar soni hali aniq emas.

Mahalliy aholining so‘zlariga asosan, qirg‘izlarning uylari tojik qishloqlari aholisi tomonidan yoqib yuborilgan.

Hozirda Ko‘k Tosh va Oq Soy qishloqlarining 400 nafar aholisi evakuatsiya qilingan. Xabarga ko‘ra, ular to‘rtta maktabda joylashgan.

Ma’lum qilinishicha, Ko‘k Terak qishlog‘idagi uylar ham yonmoqda.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Qirg‘izistonning barcha aholisini, tinchlik saqlashga, siyosiy kuchlar va ommaviy axborot vositalarini provokatsiyalarga berilmaslikka» chaqirdi.

«Biz tojik birodarlarimiz bilan doimo til topishamiz va qadimiy zaminimizdagi yaxshi qo‘shnichilik manfaatlari va totuvlikni hurmat qilgan holdagina masalalarni hal qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi Qirg‘iziston davlat rahbari.