Prezident Shavkat Mirziyoyev shu hafta korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha videoselektor o‘tkazadi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga tayanib, xabar bermoqda.
Videoselektorda davlat organlari, hokimlarning hisobotlari eshitiladi.
Bundan tashqari, chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish, Tokio Olimpiadasiga sportchilarni tayyorlash masalalari bo‘yicha yig‘ilishlar bo‘lishi kutilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi texnikasi korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha taqdimot o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 24 mart kungi yig‘ilishda davlat rahbari elektr energiya va gaz sohasi «korrupsiya qilish uchun isloh qilinmagan», deya ta’kidlagandi. Qolaversa, u «Byudjet mablag‘lari talon-taroj qilinsa, prokurorlar ham javobgar bo‘ladi», deya qo‘shimcha qilgan.
Shavkat Mirziyoyev 16 aprel kuni Samarqand viloyatida faollar ishtirokidagi yig‘ilishda korrupsiyaga masalasiga yana bir bor to‘xtalgan edi. «Kimni hisobiga korrupsiya bo‘lyapti? Xalqimiz hisobiga. Umid bilan yashagan bechora onamiz, singlimiz, opamiz, o‘g‘illarimiz, qizlarimizni hisobiga o‘g‘irlik bo‘lyapti», — deya qayd etgandi o‘shanda.
Prezident 22 apreldagi videoselektorda rahbarlarni oxirgi marotaba ogohlantirgan edi. «Xalqimizning oldida uzr so‘rab, oxirgi marta sizlarni [rahbarlarni] ogohlantirmoqchiman… Bitta odamni norozi qilib, 5 dollar olgan bo‘lsa ham prezidentning siyosatiga xiyonat deyiladi», — deb aytgan prezident.
Shavkat Mirziyoyev 30 aprel kungi yig‘ilishda esa «O‘zsanoatqurilishbank» xodimlaridan biri katta miqdordagi talon-tarojda ayblanib, hibsga олинганини ta’kidladi. Davlat rahbari har bir bank rahbariga «nimada ayblanayotganini ko‘rish, farzandlarini ko‘z oldiga keltirishi uchun» sud jarayonida ishtirok etishni taklif qildi.