Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etiladi. Bu haqda davlat rahbari raisligida bo‘lib o‘tayotgan videselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.
«Agentlik eng avvalo, dunyoda samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarini bog‘cha, maktab, litsey, oliygoh va o‘quv markazlarida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishga ko‘maklashadi. Bunda, ta’lim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilini — ingliz, rus, nemis, fransuz, xitoy, koreys, yapon, turk, arab, fors tillarini o‘rgatishni tashkillashtiradi», — dedi u.
Shuningdek, bolalikdan xorijiy tillarni puxta o‘rganish ko‘nikmalarini shakllantiradigan ommabop kontentlar — animatsion va videoroliklar, mobil o‘yinlar, ko‘ngilochar ko‘rsatuvlarni ishlab chiqadi.
Bundan tashqari, Agentlik vazirlik, idora va boshqa ish beruvchilar bilan birga, xizmatchilarning kasbiy faoliyatini xorijiy tillarda to‘liq amalga oshirish imkoniyatini beradigan metodikalarni ishlab chiqib, sharoitga moslagan holda, amaliyotga joriy etadi.
Shu bilan birga, davlat tilidan xorijiy tillarga va aksincha bir necha xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish metodikalarini yaratish ham Agentlikning asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi.
Agentlik maktablar, oliygohlar, tuman, shahar va viloyatlar, tarmoq va davlat idoralarida xorijiy tillarni bilish reytingini ham yuritadi.
Chet tili o‘qituvchilari uchun malaka talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqadi hamda malaka toifalarini beradi.
«Bir so‘z bilan aytganda, Agentlik „bog‘cha — maktab — oliygoh — korxona“ uzluksiz zanjiri orqali, aholining barcha qatlamiga mos bo‘lgan til o‘rganish metodika, tavsiya va darsliklarini ishlab chiqishni tashkil etadi hamda ularning amalga oshirilishiga ko‘maklashadi», — dedi prezident.
Ta’kidlanishicha, Jahon tillari va Sharqshunoslik universitetlari, Samarqand chet tillari instituti bilan bir qatorda, har bir viloyatda bittadan universitet chet tillari bo‘yicha tayanch oliygoh sifatida belgilanadi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari hududlarda chet tillarini o‘rgatish muhitini shakllantirish, bunga tashkiliy va moliyaviy sharoit yaratishga shaxsan mas’ul bo‘ladi.
Davlat rahbari chet tilini o‘rgatishning asosiy bo‘g‘ini — maktablarda har bir tuman va shahar kesimida o‘qitish holatini chuqur tahlil qilib, aniq yechimlar topish zarurligini aytdi.
U misol tariqasida Nurobod tumanidagi 76 ta maktabdan 57 tasida ingliz, 14 tasida nemis va 5 tasida fransuz tili o‘qitilishini qayd etdi.
Tumandagi 28 ta (38 foiz) maktabda chet tilini o‘qitish sifati eng past o‘rinda. 175 nafar o‘qituvchidan atigi 3 nafari sertifikatga ega, 26 ta o‘qituvchi o‘rni vakant.
«Bu yil joriy qilingan imkoniyatlardan foydalanib, Buxoro viloyatidan ingliz tili o‘qituvchilari Murodovlar oilasi tumanga ko‘chib kelib, ish boshlagan. Boshqa hududdan kelib ishlaganlik uchun 11 million so‘m bir martalik to‘lov berildi, ish haqiga 100 foiz ustama, yashash joyining ijara puli to‘lanmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nurobod tumani hokimi vaziyatni tahlil qilib, mahalliy byudjetning qo‘shimcha daromadi hisobidan 20 ta maktabga 1 milliard so‘m ajratish orqali, chet tillarini o‘rgatish sifatini oshirish tashabbusi bilan chiqqan.