Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va klinikalarning malakali rahbar va mutaxassislari shartnoma asosida muayyan muddatga og‘ir sharoitli tuman (shahar)lar tibbiyot birlashmalari rahbarlari lavozimlarida ishlaydi. Ularning asosiy ish joyidagi oyligi saqlanib qoladi hamda tuman tibbiyot birlashmasidagi lavozimidan ham maosh oladi.
Bu prezidentning 5 maydagi «Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida"gi farmonida o‘z aksini topgan.
Hujjat bilan ehtiyoj mavjud bo‘lgan og‘ir sharoitli tuman (shahar)lar tibbiyot birlashmalari rahbarlari lavozimlariga respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ularning filiallari, oliy tibbiyot ta’lim muassasalari, ular huzuridagi klinikalarning malakali rahbar xodimlari va mutaxassislari shartnoma asosida muayyan muddatga jalb qilinadi. Bu borada SSV, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tomonidan bildirilgan taklif ma’qullangan.
Ularning asosiy ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdorini saqlagan holda, ular jalb qilingan tibbiyot birlashmasi rahbari lavozimidagi oylik ish haqini to‘liq to‘lab beriladi. Ushbu xarajatlar va ularning uy-joy ijarasi to‘lovlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Bundan tashqari, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda «tibbiyot brigadalari» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan aholiga yanada sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini kengaytirish uchun 2021 yil 1 iyuldan boshlab 10 mingta, 2022 yil 1 yanvardan boshlab esa yana qo‘shimcha 10 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratiladi.
SSV, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi birgalikda 2021 yil 1 iyunga qadar ularning yangilangan shtat normativlarini tasdiqlaydi.
Farmonda shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, 2021 yil 1 avgustga qadar o‘rta tibbiyot xodimlari maqomini oshirish nazarda tutilmoqda.
Bunda xodimlarning malaka talablari, vazifalari, vakolatlari, javobgarligi, ixtisoslik yo‘nalishlarini kengaytirish, lavozimlarini, shuningdek, o‘quv dasturlari va rejalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqqan holda, o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi takomillashtiriladi. Tizim 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab to‘liq joriy qilinadi.
Markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan amaldagi koykalar fondining 10 foizi 2022 yil 1 yanvardan boshlab, yana qo‘shimcha 10 foizi 2023 yil 1 yanvardan boshlab to‘lov asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun ajratiladi.
Bundan bo‘shaydigan davlat byudjeti mablag‘lari tuman (shahar) shifoxonalarining dori vositalari, reaktivlar va tibbiyot uskunalari ta’minotini yaxshilashga hamda viloyat tibbiyot muassasalarida qo‘shimcha koyka fondini tashkil etishga yo‘naltiriladi.
SSV va Moliya vazirligi 2021 yil 1 oktyabrga qadar 2022 yil uchun, 2022 yil 1 oktyabrga qadar esa 2023 yil uchun har bir tuman (shahar) shifoxonalari kesimida bo‘shaydigan mablag‘lar hajmini va ularni ishlatish yo‘nalishlarini belgilab beradi.