Shavkat Mirziyoyev bugun, 10 may kuni «Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida"gi PQ-5110-sonli qarorga imzo chekdi, deya xabar qildi O‘zA.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2021 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 13 may — payshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarori inobatga olinib, mamlakatimizda 2021 yil 13 may Ramazon Hayiti bayrami sifatida nishonlanishi belgilandi.
Shuningdek, prezidentning 10 maydagi PF-6222-sonli Farmoni asosida 2021 yil 14 may (juma) hamda 15 may (shanba) kunlari qo‘shimcha dam olish kuni deb e’lon qilindi.
Bundan kelib chiqib, o‘zbekistonliklar Ramazon Hayiti munosabati bilan ketma-ket 4 kun dam oladigan bo‘lishdi:
- 13 may, payshanba — Ramazon Hayitining birinchi kuni (ishlanmaydigan bayram kuni);
- 14 may, juma — qo‘shimcha dam olish kuni (barcha uchun);
- 15 may, shanba — qo‘shimcha dam olish kuni (barcha uchun);
- 16 may, yakshanba — umumiy dam olish kuni.