Yangi o‘quv yilidan «O‘zbek tili»ni o‘qitishda 4 ko‘nikmaga tayaniladi, deya xabar bermoqda Respublika ta’lim markazi axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, ta’lim tili o‘zga tilda bo‘lgan sinflarda davlat tili — o‘zbek tili ham chet tili kabi o‘rgatiladi. Milliy o‘quv dasturi asosida o‘zga millat vakillari uchun 2-sinf «O‘zbek tili» darsligi yaratildi. Ushbu darslik 2021−2022-o‘quv yilida amaliyotga joriy etiladi.
O‘zbek tilini chet tili sifatida o‘qitish ko‘zda tutilgan yangi darsliklar til o‘rgatishning xalqaro standartlari asosida yaratilmoqda. Bunda:
Nutqiy kompetensiyalar:
- aktiv — gapirish, yozish;
- passiv — o‘qib tushunish, tinglab tushunish.
Leksik kompetensiyalar:
- grammatika;
- leksika — A1, A2, B1, B2 ko‘rinishida sinflar kesimida taqsimlangan.
Qayd etilishicha, ayni paytda yaratilgan darslikda o‘z davri uchun muhim bo‘lgan yana bir qancha qulayliklar mavjud. Ular ham o‘quvchida til o‘rganish ko‘nikmasini faollashtiradi:
- O‘quv darsligi asosida o‘qituvchi kitobi va o‘quvchi mashq daftari joriy etildi;
- Lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek alifbosi, hafta kunlari, sanoq sonlar ilk bora o‘zbek tilida MP3 formatda bolajonlar tilidan qo‘shiq qilib kuylandi va QR-kod orqali kitob sahifalaridan o‘rin oldi;
- Ikkinchi til kitoblaridagi lug‘at-tarjimalar, odatda, ikki tilda havola qilingan bo‘lsa, endilikda ular keng auditoriyani hisobga olib qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, turkman, tojik, rus va ingliz tillariga ham tarjima qilinib QR-kod tizimi orqali joylashtirilyapti;
- Zamonaviy darslikni yaratishda tez aytish, topishmoq, o‘ylab top, ilon izi, «ha/yo‘q», T-sxema, mantiqan o‘ylab top, rebus, sudoku, munsterberg, shmuts, rasmlar o‘rniga so‘zlarni joyla, komiks kabi metodlardan foydalanildi;
- O‘quvchining psixologik, yosh xususiyatlari ham hisobga olinib, rasmlar 70%, matnlar 30% o‘rin egallagan;
- Fanlararo integratsiya (STEAM) to‘la ta’minlangan.