Viloyatda radarlarning yo‘nalishini o‘zgartirib qo‘yish yoki simlarini uzib ketish holatlari uchrayotgani aytildi. O‘zbekiston IIV YHXBB Mening yurtim telekanalining shu haqdagi lavhasini e’lon qildi.

Jumladan, Termiz-Angor yo‘nalishida haydovchilar tomonidan bir necha marta ana shunday qoidabuzarlik sodir etilgan. Xabarda ikki haydovchining e’tiroflari keltirib o‘tildi.

«Yo‘lda keta-ketguncha Denovdan o‘tganda radar turgan ekan. Radardan ozroq o‘tib to‘xtadimda, mashinadan tushib, radarning yoniga kelib, radarni ozgina burab qo‘ygandim. Keyin radar qo‘ygan xodim mashinada kelib, ozroq siqqan edi, orqaga haydayman deb chuqurga tushib ketdim. Mashaning oldi ko‘tarilib qoldi», — deydi haydovchilardan biri.

Xabarda qayd etilishicha, radarlar o‘z joyiga o‘rnatilgan, haydovchilarga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan bo‘lsa, avtomashinalar jarima maydonchalariga qo‘yilgan.

Ayni vaqtda viloyatda 10 ta tezlikni o‘lchash moslamasi mavjud bo‘lib, ularning 9 tasi ko‘chma radarlar ekani ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, ma’lum qilinishicha, yil boshidan buyon Surxondaryo viloyatida 96 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Avtohalokatlar natijasida 76 kishi turli tan jarohatlari olgan, 40 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Ularning aksariyatiga yuqori tezlik sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda tezlikni oshirgani uchun jarimaga tortilgan haydovchi ikki sherigi bilan qoidabuzarlikni qayd etgan radarga tosh otib, «o‘ch olgan» haqida xabar qilingan edi. Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 183-moddasi («Mayda bezorilik») bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan.