London shahrining amaldagi meri, Leyboristlar partiyasidan nomzod sifatida Sodiq Xon Buyuk Britaniya poytaxti rahbarligi uchun saylovda ikkinchi marta g‘alaba qozondi, deya xabar berdi BBC Russkaya slujba.

51 yoshli siyosatchi ikkinchi turda 55,2% ovoz yig‘di, asosiy raqibi — konservator Shon Beyli esa 44,8% ovoz oldi.

«Men ushbu shahar aholisi hayotini yaxshilash uchun harakat qilar ekanman, barcha londonliklar meri bo‘lishda davom etaman», — dedi Sodiq Xon g‘olibligi e’lon qilingandan so‘ng.

Sodiq Xon ilk bor 2016 yilda saylangan bo‘lib, u Yevropa mamlakatlari orasida poytaxt meriyasini boshqargan birinchi musulmon bo‘ldi. Odatda London meri to‘rt yilga saylanadi, ammo Xonning oldingi vakolat muddati koronavirus pandemiyasi sharoitida 2020 yilda saylovlar bekor qilinganligi sababli bir yilga uzaytirilgan edi. Siyosatchi ushbu lavozimda yana uch yil faoliyat yuritadi.