18 may kuni O‘zbekiston-Tojikiston chegarasidagi «Quduqli» (O‘zbekiston) va «Paxtaobod» (Tojikiiston) temir yo‘l nazorat-o‘tkazish punktlarida ikkita chegaraviy hamkorlik idorasi ochildi, deya xabar qildi ASIA-Plus.
Idoralar BMT Giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi ko‘magida O‘zbekiston va Tojikiston huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ular BMT GJQKBning Markaziy Osiyo davlatlari uchun «Transmilliy uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish va terrorizmdan ogohlantirish» dasturi doirasida shimoliy yo‘nalish bo‘ylab afg‘on giyohvand moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishga qaratilgan transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha komponent tarkibida tashkil etildi.
Idoralarni tashkil etish bo‘yicha ishlar AQSH Davlat departamentining Narkotiklarga qarshi xalqaro kurash va huquqni muhofaza qilish faoliyati byurosi (INL) tomonidan moliyalashtirilgan.
ASIA-Plus ma’lumotlariga ko‘ra, tojik-afg‘on, o‘zbek-afg‘on, o‘zbek-tojik, qirg‘iz-tojik, o‘zbek-qirg‘iz, qirg‘iz-qozoq va o‘zbek-qozoq chegaralarida allaqachon 19 ta ana shunday idora tashkil etilgan.