22 may kuni O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Besh tashabbus harakati» yoshlar festivalida davlat byudjeti cheklanganligi sababli sohada ba’zi o‘zgarishlarni amalga oshirish qiyin bo‘lganini aytdi.

«Ilojim bo‘lganida edi, biroq byudjet cheklangan», — dedi XTV rahbari, kelgusida yoshlar bilan norasmiy uchrashuvlar o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlar ekan.

«Masalan, menga sinfda 35 emas, balki 24 o‘quvchi bo‘lishi kerakligini aytishadi. Men buni juda xohlardim. Agar hisoblab chiqadigan bo‘lsak, birgina shu ishni bir o‘quv yili davomida bajarish uchun 9 trillion so‘m kerak bo‘ladi. Fizika va matematikani o‘qitishga taxminan 5−6 trillion so‘m ajratilgan. Byudjet cheklovlari tufayli hamma narsani birdaniga amalga oshirish mumkin emas», — deya izoh berdi vazir.

Sherzod Shermatov STEM fanlari (fan, texnika, injiniring va matematika)ga qiziquvchi yoshlarga tegishli adabiyotlarni ingliz tilida o‘qishni tavsiya qildi.

«Yaxshi dasturchi bo‘lishni istaganlar, albatta, ingliz tilini o‘rganishlari kerak. Masalan, eng yaxshi IT-yangiliklar qayerdan paydo bo‘lishini bilasizmi? Ular Silikon vodiysidan keladi. Keyin ular ikki yil davomida rus tiliga, keyin o‘zbek tiliga tarjima qilinadi. Bu to‘rt yilgacha davom etishi mumkin, shuning uchun agar biz IT bo‘yicha yangi kitob chiqaradigan bo‘lsak, bu to‘rt yil eskirgan nashr bo‘ladi», dedi vazir va boshqa sohalarda «tarjimonlar darajasini ko‘tarish» zarurligini qo‘shimcha qildi.

Xuddi shu yoshlar bilan uchrashuvda turizm va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov ham so‘zga chiqdi.

U maktablarda jismoniy tarbiya darslarini ko‘paytirish zarurligini ta’kidlab, «O‘zbekistonda o‘rta maktablarda jismoniy tarbiya va sport soatlari soni chet davlatlarga nisbatan eng kam», deb ta’kidladi.
«Yosh avlod bolaligidanoq sport bilan shug‘ullanishi kerak. Shuning uchun 2021−2022 o‘quv yilidan boshlab respublika maktablarida jismoniy tarbiya darslari soni haftasiga 2 soatgacha oshiriladi», — dedi turizm va sport vazirining birinchi o‘rinbosari.

«Gazeta.uz» avvalroq O‘zbekistonda o‘quvchilar soni (6,24 mln) maktablarning loyihaviy quvvatidan (5,06 mln) sezilarli darajada ortib ketgani haqida yozgan edi. Vaziyat shu holda rivojlanib borsa, o‘rtadagi farq 2 mlntaga yetadi, degan edi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. Vazir maktablarda joy yetishmayotgani va ikki smenali darslar o‘tilayotganiga aholi sonini oshgani va maktablarning 9 yillik ta’limga o‘tkazilgani sabab bo‘lganini ta’kidlab, muammoni hal etish bo‘yicha bir qancha takliflarni ilgari surgandi.