20 may kuni Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga o‘zgartirishlar kiritildi, deya xabar bermoqda Huquqiy-axborot Telegram-kanali.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, maktabgacha tashkilotlarga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega bolalar ro‘yxati (imtiyozli ro‘yxat) yangilandi.
Endilikda bolalarning quyidagi kontingenti bog‘chaga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega bo‘ladi:
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari (ilgari — nogiron bo‘lgan shaxslarning bolalari);
- ko‘p bolali oilalarning bolalari;
- yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
- «Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning bolalari;
- kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning va ichki ishlar organlari xodimlarining bolalari (ilgari — harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari);
- talabalar va pedagoglarning bolalari;
- akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar;
- ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha tashkilotlarga o‘tkazilayotgan sog‘aygan bolalar (ilgari — boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalar).
Bundan avval, bog‘chaga qabul qilish uchun imtiyozli ro‘yxatga kiritilgan bolalarning imtiyozlari ularga yo‘llanma berilgunga qadar saqlanib qolinadi, deyiladi xabarda.
Bolalarni imtiyozli ro‘yxat bo‘yicha qabul qilish davlat-xususiy sheriklikka asoslangan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.
Joriy o‘quv yilining 31 may kuniga qadar 7 yoshga to‘ladigan bolalarning so‘rovnomalari ushbu sanada bekor qilinadi hamda avtomatik ravishda navbatdan chiqariladi.