Strit-art rassom Ememem 2016 yildan beri buzilgan piyodalar yo‘lagi va devorlarning teshiklarini «tuzatib kelmoqda». U o‘z ishi bilan Fransiya shaharlari infratuzilmasining achinarli holatiga e’tibor qaratmoqda.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va uning vatani Lion aholisi rassomni «yo‘l jarrohi» deb atashadi.

Ememem yo‘l teshiklarini keramika, yog‘och va bitum parchalari bilan to‘ldirib, xavfli teshiklarni san’at obyektlariga aylantiradi va o‘zining barcha asarlarini Instagram’da e’lon qiladi.

«Meni joylar, fikrlar, ilgari qilgan tajribalarim ilhomlantiradi. Men shunga o‘xshash ishlarni boshqa texnikalardan foydalangan holda qilardim, vanihoyat shu usulni o‘ylab topganimda, umrimning ohirigacha shug‘ullanadigan ishimni topdim», — deydi rassom.

Ememem o‘zining texnikasini «Flacking» deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu biror buzilishning paydo bo‘lishi va uning badiiy tiklanishi hisoblanadi.

«Umid qilamanki, bu yerda yashovchilar mening yondashuvimni qadrlashadi», — deydi rassom. U piyodalar yo‘llarini ta’mirlashni «hamma o‘qishi mumkin bo‘lgan she’rlar» deb ataydi.

Foto



Foto: instagram.com/emenem.flacking