Toshkent hokimiyati 31 may kuni poytaxtning Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog‘laydigan yo‘l o‘tkazgich qurilishining borishi to‘g‘risida ma’lumot berdi va loyiha narxining deyarli ikki baravarga oshganiga izoh berdi.
«Gazeta.uz» Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog‘laydigan olti qatorli avtoyo‘l va uchta yo‘l o‘tkazgich qurilishi qiymati 280 mlrd so‘mdan 518,3 mldr so‘mgacha oshirilgani haqida yozgan edi. Qurilish ishlari Grand Road Tashkent tomonidan olib boriladi. Hukumat loyihani tendersiz amalga oshirish hamda qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta ishlari bilan bir vaqtda olib borishga ruxsat bergan edi.
Ko‘prik Cho‘ponota ko‘chasidan, Shota Rustaveli ko‘chasi bilan kesishgan joyidan boshlanib, kichik xalqa avtomobil yo‘li, Salar kanali, so‘ngra temir yo‘llar ustidan, Toshkent xalqa avtomobil yo‘lining ustidan o‘tib Sergeli tumani Qipchoq ko‘chasiga olib chiqadi.
Loyihaning dastlabki ko‘rinishi. «Gazeta.uz» u haqda batafsil ma’lumot bergan edi.
Bosh loyihalashtiruvchi sifatida tanlangan Allegro Develop Plast kompaniyasi texnik direktori Toshkent hokimiyati matbuot xizmatiga bergan intervyusida loyihaning birlamchi narxi «joyning koinotdan olingan tasvirlari, uzunligi, kengligi va dastlabki ko‘rinishidan kelib chiqib» shakllantirilganini ma’lum qildi.
«Biz buni taxminan hisob-kitob qilib chiqdik. Ushbu narx asosida biz qurilish ishlarini boshladik. Biroq tegishli qarorlar asosida, yo‘llarni tezkor va sifatli qurish uchun bizda obyektni loyihalashtirish uchun Turkiyaning Kalyon Ulastirma [kompaniyasini] jalb qilish fikri tug‘ildi… Kalyon kelganidan keyin trassani sinchkovlik bilan o‘rganish, ya’ni topografik tasvirga olish, geologik o‘rganishlar, diagnostika ishlarini o‘tkazishimizga to‘g‘ri keldi, Kalyon Ulastirma boshqa jozibador, sifatli va qulay taklifni ilgari surdi», — dedi u.
Yangi loyiha.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha qo‘shimcha tarzda ishlab chiqildi — boshida unda ko‘prikdan kichik xalqa yo‘liga tushish yo‘llari faqat Cho‘ponota ko‘chasi tarafidan bo‘lgan va bu haydovchilar uchun noqulayliklar tug‘dirardi. Loyihaga qo‘shimcha tushish yo‘llari qo‘shildi.
Bundan tashqari, ko‘prik 100 foiz monolit qoplama texnologiyasi bo‘yicha qurilmoqda. Avval ko‘priklar to‘sinlar (balka) bilan o‘pib chiqilar edi. Monolit qoplamaning qalinligi 1 m bo‘lib, armaturalari po‘lat arqonlar bilan bog‘lab chiqiladi va bu konstruksiyaning mustahkamligi va chidamliligini oshiradi.
Temir yo‘l ustidan o‘tgan qism xalqaro standartlarga muvofiq 5.5 metr balandlikda qurilayotgan edi, lekin temiryo‘lchilar ko‘prikni yana ikki metrga ko‘tarishni talab qildilar, o‘z-o‘zida ko‘prikning qiya qismi ham uzaydi, deya qayd etdi matbuot xizmati.
«Ko‘prikni o‘tkazishda muhandislik kommunikatsiyalarini o‘zgartirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi: yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i yer ostiga olindi, Salar oqimi o‘zgartirildi, hozirda bir qismi yo‘l hududiga tushgan magistral gaz quvuri ko‘chirilmoqda, xalqa yo‘li yaqinida tozalash inshootlari bo‘lgan edi, ularni demontaj qilishga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, loyihada qurilish bo‘ladigan barcha manzillarda buzish ishlari bo‘lmasligiga alohida e’tibor qaratildi. Bu kabi keng ko‘lamli ishlarning barchasi inshoot qiymatiga kiritildi», — deyiladi xabarda.
Poytaxt ma’muriyati, shuningdek, boshqa harajatlar ham bo‘ldi: masalan, yil davomida qurilish materiallarining (armatura va beton) narxi ikki barobar oshganini ta’kidladi.
«Aytib o‘tilgan faktlar qurilishning birlamchi qiymati nima uchun 236 mlrd so‘mga oshganini tushuntiradi. Shu bilan birga, loyihaning muhim jihati shundaki, yo‘l o‘tkazgich va unga kirish qismlari qurilishi davomida birorta ham bino buzilgani yo‘q», — deya ma’lum qildi hokimiyat matbuot xizmati.
Hokimlik tomonidan e’lon qilingan hisob-kitoblarga ko‘ra, Cho‘ponota yo‘l o‘tkazgichi qurilishining boshlang‘ich qiymati 133,5 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, endi u 52,9 mlrd so‘mga o‘sdi va 186,4 mlrd so‘mni tashkil etdi, TAHY 2-sonli yo‘l o‘tkazgich — 30,4 mlrddan 89,4 mlrd so‘mgacha (+59 mlrd), Qipchoq yo‘l o‘tkazgichi — 2 mlrddan 20,6 mlrd so‘mgacha (+18,6 mlrd) o‘sdi. Yo‘l qurilishining qiymati 115,7 mlrd so‘mdan 172 mlrd so‘mgacha (+56,3 mlrd) oshdi.
Ko‘prikning umumiy uzunligi 6,6 km ni tashkil etadi.
Natijada loyihaning umumiy qiymati, shu jumladan qurilish zonasidan 51,8 mlrd so‘mlik kommunikatsiyalarni olib tashlash xarajatlari, 236 mlrd so‘mga oshdi va 281,7 mlrddan 518,3 mlrd so‘mga yetdi.
Yo‘l o‘tkazgichning Cho‘ponota ko‘chasidan Xalqa yo‘ligacha bo‘lgan birinchi qismi sentyabrda, Qipchoq ko‘chasigacha bo‘lgan ikkinchi qismi yilning oxirigacha ishga tushadi. Yangi yo‘l o‘tkazgich shahar markazigacha bo‘lgan yo‘lni qisqartirishga va O‘zgarish ko‘chasidagi doimiy tirbandliklarni kamaytirishga imkon beradi.