Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 iyun kuni Termiz shahrida qurilgan ko‘p qavatli uylarni borib ko‘rdi. Bunday turar joylar jismoniy imkoniyati cheklangan hamda temir daftarga kiritilgan oilalarga imtiyozli tarzda berilmoqda. Shunday xonadonlardan biri 15 yildan beri bemorchilikning sinovlarini tortgan Nazira Rahimovaga berilgan. Davlat rahbari Surxondaryoga tashrifi yakunida ushbu xonadonda bo‘ldi.

Nazira Rahimovaning qizi Ruxshona Abdurazzoqova 2018 yili Termiz shahrida «Yosh kitobxon» respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 10−14 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar orasida 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘l olgan. U 2020 yilda «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Shunday farzandni tarbiya qilganingiz uchun rahmat! Niyatlaringiz, qilgan halol mehnatingiz, mana oldidan chiqdi. Odamlar mana shunday sharoitlarda yashashga biz hamma sharoit yaratishimiz kerak. Xudo bergan shunday iste’dod bilan, shunday qobiliyat bilan, albatta, hamma niyatlaringiz amalga oshadi va men bitta narsa aytmoqchimanki, men siz bilan g‘ururlanaman!», — deydi prezident Ruxshonaning onasiga.

Foto: Videodan lavha

«Lekin hech ham kutmagandimki, eshik taqilladi bugun, ochsam davlatimiz rahbari otalarcha mehr bilan kirib kelishlari meni juda ham to‘lqinlantirib yubordi. Men-ku mayli, onajonim o‘zi betob edilar, mana shunday bir davlatimiz e’tiborini ko‘rib, quvonib turgan vaqtlarida davlatimiz rahbari onam va mening holimdan xabar olgani kelganliklari onajonimga katta ta’sir ko‘rsatdi. Nasib etsa kelajakda o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarimni amalda ko‘rsatib, yaxshi natijalarga erishishga astoydil harakat qilaman», — deydi Ruxshona prezident tashrifi haqida.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari, shuningdek, yosh oilalardan biri Farrux Egamov xonadonida bo‘lib, ular bilan ham suhbatlashdi. Muloqot davomida prezident «Surxondaryo viloyati bo‘yicha katta rejalar belgiladik. Hammasining tagida bitta narsa — inson manfaati bor. Endi bu uylarni aholiga adolatli berish kerak. Adolat bo‘lsa qadriga yetadi», — dedi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda Surxondaryo viloyatida yana 3500 kvartirali ko‘p qavatli uylar quriladi. 1460 ta oilaga ipoteka uchun subsidiya beriladi.