Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) oliy darajadagi delegatsiyasi birinchi vitse-prezident Yurgen Rigterink rahbarligida joriy yilning 7−9 iyun kunlari rasmiylar va biznes doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda bank matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga xabar berdi.

YeTTB delegatsiyasi mamlakat poytaxti Toshkentda Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri hamda YeTTB boshqaruvchisi Sardor Umurzoqov, shuningdek Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Uchrashuvlar davomida YeTTBning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi boshqaruvchi direktori Jujanna Hargitai ham ishtirok etadi.

Tashrif davomida janob Rigterink, O‘zbekistonning g‘arbiy qismida joylashgan Urganch shahrida YeTBB yangi mintaqaviy vakolatxonasining ochilishi marosimini o‘tkazadi. Shuningdek, u infratuzilma va moliya sektori loyihalari bo‘yicha bitimlarni imzolaydi va ekologik jihatdan xavfsiz chora-tadbirlarni targ‘ib etadigan va 2050 yilgacha O‘zbekiston karbonat angidridi borasidagi neytralligini ta’minlashga yordam beradigan bir nechta tashabbuslarni ishga tushiradi.

YeTTBning birinchi vitse-prezidenti mamlakatdagi YeTTB biznes hamkorlarining oliy darajadagi rahbariyati, yirik xalqaro investorlar va xalqaro moliya muassasalarining mamlakatdagi vakillari bilan uchrashadi.

2020 yilda YeTTB COVID-19 pandemiyasi sababli O‘zbekistonda vujudga kelgan muammolarga javoban milliy iqtisodiyotning turli sohalaridagi 18 ta loyiha doirasida 521 mln dollar (429 mln yevro) ajratdi. YeTTB mablag‘lari mamlakatning bank sektori va kichik xususiy firmalarning moliyalashtirish imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash, asosiy infratuzilmani modernizatsiya qilish va qayta tiklanuvchan energiya manbalarini rivojlantirishga sarflandi.

Bugungi kunga qadar YeTTB 92 ta loyiha doirasida O‘zbekiston iqtisodiyotiga 2 mlrd yevrodan ortiq mablag‘ kiritdi.