Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari bosh muharriri Ostonov Safar Ostonovich 72 yoshida vafot etdi, deb Jurnalistlar ijodiy uyushmasi «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Uyushmada qo‘shimcha qilinishicha, jurnalist 8 iyun kuni olamdan ko‘z yumgan. U so‘nggi vaqtlarda davolanayotgan bo‘lgan.

U 1999 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, u O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi ham hisoblanadi.

Safar Ostonov 1948 yilning 13 noyabrida Samarqand viloyatida tavallud topgan. Ma’lumoti oliy, mutaxassisligi jurnalist. 1972 yili Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) tamomlagan.

U Mehnat faoliyatini 1971 yili Respublika yoshlar gazetasida musahhih vazifasidan boshlagan. 1990−1996 yillari «Sport», «O‘zbekiston futboli» gazetalarida bosh muharrir, 1996−2002 yillarda O‘zbekiston prezidenti devoni yetakchi konsultant, bosh konsultant vazifalarida ishlagan.

2002 yildan «O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalarida bosh muharrir lavozimida faoliyat yuritib ketgan.

U 2019 yilgi parlament saylovlarida 63-Kattaqo‘rg‘on saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalq demokratik partiyasi deputati etib saylangan. U O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan a’zosi bo‘lgan.