Musobaqa qaysi shaharlarda o‘tkaziladi?
Dastlab Yevro-2020 13 shaharning 13 stadionida o‘tishi lozim edi. 2017 yil dekabrda Bryussel Milliy stadion qurilishining kechikishi sababli mezbon shaharlar ro‘yxatidan chiqib ketdi. Bryusselda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuvlar Londonga ko‘chdi.
2021 yil aprel oyida Yevroni qabul qiladigan shaharlar ro‘yxatida yana o‘zgarishlar yuz berdi: Bilbaoning o‘rnini Sevilya egallagan bo‘lsa, Dublin undan butkul chiqib ketdi. Irlandiya poytaxtida o‘tishi mo‘ljallangan o‘yinlar London va Sankt-Peterburg o‘rtasida taqsimlandi.
Uchrashuvlar Angliya, Ozarbayjon, Vengriya, Germaniya, Daniya, Italiya, Ispaniya, Gollandiya, Rossiya, Ruminiya va Shotlandiya davlatlarining 11 ta shahrida bo‘lib o‘tadi.
Foto: https://twitter.com/EURO2020
Guruh bosqichi haqida
Pandemiya tufayli 2021 yilga qoldirilgan Yevro-2020 turnirida ishtirok etuvchi 24 jamoa to‘rttadan olti guruhga ajratilgan.
A guruhi — Turkiya, Italiya (mezbon), Uels, Shveysariya;
V guruhi — Daniya (mezbon), Finlyandiya, Belgiya, Rossiya (mezbon);
S guruhi — Niderlandiya (mezbon), Ukraina, Avstriya, Shimoliy Makedoniya;
D guruhi — Angliya (mezbon), Xorvatiya, Shotlandiya (mezbon), Chexiya;
Ye guruhi — Ispaniya (mezbon), Shvetsiya, Polsha, Slovakiya;
F guruhi — Vengriya (mezbon), Portugaliya, Fransiya, Germaniya (mezbon).
Guruh bosqichi o‘yinlari yakunlariga ko‘ra eng yaxshi 16 jamoa 1/8 finalga chiqadi va buyog‘iga olimpiya tizimiga ko‘ra faqat g‘oliblar musobaqadagi ishtirokini davom ettiradi, mag‘lub uyiga qaytadi.
Pley-offga har bir guruhdan birinchi va ikkinchi o‘rin egalari chiqadi, guruhlarda uchinchi o‘rinlarni egallagan olti jamoadan nisbatan yaxshi natija qayd etgan to‘rt jamoaga ham imkon taqdim etiladi.
Agar ikki yoki undan ko‘p jamoa bir xilda ochko jamg‘argan bo‘lsa, o‘rinlarni taqsimlashda quyidagi ko‘rsatkichlarga qaraladi:
- o‘zaro o‘yinlarda olingan ochkolar soni;
- o‘zaro o‘yinlardagi to‘plar nisbati;
- o‘zaro o‘yinlarda urilgan gollar soni;
- guruh yakunlariga ko‘ra to‘plar nisbati;
- guruhlardagi barcha o‘yinlarda urilgan gollar soni;
- guruhdagi barcha o‘yinlardagi g‘alabalar soni;
- intizomiy ochkolar soni kamligi (sariq kartochka — 1 ochko, qizil kartochka — 3 ochko, ikki sariq kartochka bilan chetlatish — 3 ochko);
- saralash turniri yakunlariga ko‘ra reytingdagi o‘rin.
Agar guruh bosqichining so‘nggi turida bir xilda ochko jamg‘argan, urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollari soni bir xil bo‘lgan jamoalar uchrashsa va o‘yin durang hisobda yakunlansa, penaltilar seriyasi o‘tkaziladi (ikkidan ortiq jamoaning ko‘rsatkichlari bir xil bo‘lganida bu kriteriya qo‘llanmaydi).
O‘z guruhlarida uchinchi bo‘lgan jamoalar orasidan eng yaxshi to‘rt jamoa quyidagi kriteriyalar bo‘yicha ajratib olinadi:
- ochkolar soni;
- to‘plar nisbati;
- urilgan gollar soni;
- g‘alabalar soni;
- intizomiy ochkolar soni kamligi (sariq kartochka — 1 ochko, qizil kartochka — 3 ochko, ikki sariq kartochka bilan chetlatish — 3 ochko);
- saralash turniri yakunlariga ko‘ra reytingdagi o‘rin.
Foto: https://twitter.com/EURO2020
O‘yinlarga muxlislar kiritilidami?
Stadionlarda tomoshabinlar kirishiga ruxsat beriladi, Sankt-Peterburg va Bokudagi stadionlar sig‘imining 50 foizi to‘ldirilishi mumkin. Budapesht shahri uchun stadiondagi tribunalarni 100 foizga to‘ldirish ruxsat etilgan. Amsterdam, Buxarest, Glazgo, Kopengagen, Rim va Sevilyada stadionlar 25 foizdan 45 foizgacha to‘ldiriladi. London guruh bosqichi o‘yinlarida ham, nimchorak final o‘yinlarida ham stadion sig‘imining 25 foizidan foydalanadi. Myunxen o‘yinlarga ko‘pi bilan 14,5 ming tomoshabin kiritmoqchi, bu esa tribunalar sig‘imining 22 foiziga teng.
Guruh bosqichidagi uchrashuvlar taqvimi (o‘yinlar soati Toshkent vaqti bilan ko‘rsatilgan)
A guruhi | Sana | Vaqt | B guruhi | Sana | Vaqt |
Turkiya — Italiya | 12.06 | 00:00 | Daniya — Finlyandiya | 12.06 | 21:00 |
Uels — Shveysariya | 12.06 | 18:00 | Belgiya — Rossiya | 13.06 | 00:00 |
Turkiya — Uels | 16.06 | 21:00 | Finlyandiya — Rossiya | 16.06 | 18:00 |
Italiya — Shveysariya | 17.06 | 00:00 | Daniya — Belgiya | 17.06 | 21:00 |
Shveysariya — Turkiya | 20.06 | 21:00 | Rossiya — Daniya | 22.06 | 00:00 |
Italiya — Uels | 20.06 | 21:00 | Finlyandiya — Belgiya | 22.06 | 00:00 |
C guruhi | Sana | Vaqt | D guruhi | Sana | Vaqt |
Avstriya — Sh. Makedoniya | 13.06 | 21:00 | Angliya — Xorvatiya | 13.06 | 18:00 |
Niderlandiya — Ukraina | 14.06 | 00:00 | Shotlandiya — Chexiya | 14.06 | 18:00 |
Ukraina — Sh. Makedoniya | 17.06 | 18:00 | Xorvatiya — Chexiya | 18.06 | 21:00 |
Niderlandiya — Avstriya | 18.06 | 00:00 | Angliya — Shotlandiya | 19.06 | 00:00 |
Sh. Makedoniya — Niderlandiya | 21.06 | 21:00 | Xorvatiya — Shotlandiya | 23.06 | 00:00 |
Ukraina — Avstriya | 21.06 | 21:00 | Chexiya — Angliya | 23.06 | 00:00 |
Ye guruhi | Sana | Vaqt | F guruhi | Sana | Vaqt |
Polsha — Slovakiya | 14.06 | 21:00 | Vengriya — Portugaliya | 15.06 | 21:00 |
Ispaniya — Shvetsiya | 15.06 | 00:00 | Fransiya — Germaniya | 16.06 | 00:00 |
Shvetsiya — Slovakiya | 18.06 | 18:00 | Vengriya — Fransiya | 19.06 | 18:00 |
Ispaniya — Polsha | 20.06 | 00:00 | Portugaliya — Germaniya | 19.06 | 21:00 |
Slovakiya — Ispaniya | 23.06 | 21:00 | Portugaliya — Fransiya | 24.06 | 00:00 |
Shvetsiya — Polsha | 23.06 | 21:00 | Germaniya — Vengriya | 24.06 | 00:00 |