«Buxoro yo‘llardan muntazam foydalanish» korxonasi 65 mlrm so‘mlik davlat xaridlarini noto‘g‘ri amalga oshirgan. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi «Buxoro yo‘llardan muntazam foydalanish» unitar korxonasi tomonidan 2019−2020 yillar davomida tovar (ishlar, xizmatlar)lar xaridini amalga oshirishda «Davlat xaridlari to‘g‘risida» gi va «Raqobat to‘g‘risida» gi qonunlar talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazgan.

O‘rganish «Buxoro yo‘llardan muntazam foydalanish» UK tomonidan taqdim qilingan hujjatlar asosida olib borilgan.

Qayd etilishicha, mazkur korxona tomonidan 2019−2020 yillar mobaynida o‘z ehtiyoji uchun tovarlarni (qurilish materiallari, ehtiyot qismlar, xo‘jalik mollari, dizel yonilg‘isi, kanselyariya mollari, mebel anjomlari, yo‘l belgilari va boshqa mahsulotlar) xarid qilishda va obyektlarda boshqa korxonalarga tegishli bo‘lgan mashina-mexanizm va avtotransport xizmatlaridan foydalanishda viloyat va respublika hududida faoliyat olib borayotgan boshqa korxonalar bilan ikki tomonlama tuzilgan shartnomalar asosida olib borilgan.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, «Buxoro yo‘llardan muntazam foydalanish» UK tomonidan 2019 yilda 31 mlrd 413 mln 366 ming 209 so‘mlik va 2020 yilda 33 mlrd 420 mln 096 ming 221 so‘mlik tovarlar auksion savdolarisiz va xizmatlar tanlov (tender) savdolarisiz, «Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunning talablariga zid ravishda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzolanib xaridlar amalga oshirilgan.

Mazkur holatlar bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasining Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining raqobatni cheklaydigan hujjatlari hamda harakatlarini, shuningdek insofsiz raqobatni taqiqlash bo‘yicha qonun hujjatlari buzilganligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha maxsus Komissiyasi Buxoro YMFUK tomonidan qayd etilgan qonunbuzarlikni bartaraf etish va kelgusida mazkur qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.

«Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunning 16-moddasida (davlat xaridlari sohasini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadlari) byudjet buyurtmachilari, byudjet tashkilotlari, xarid qilish tartib-tamoyillarini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladigan byudjet mablag‘larini oluvchilar, davlat maqsadli jamg‘armalari, korporativ buyurtmachilar, davlat korxonalari, Ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar-davlat xaridlarining subyektlari hisoblanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Ushbu moddada davlat buyurtmachisi davlat xaridlarini amalga oshirishda maxsus axborot portaliga e’lon joylashtirishi shartligi, 23-moddasida (Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi) davlat xaridlari elektron do‘kon, auksion, tanlov va tender asosida amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.