Oliy Majlis Senatining 25 iyun kuni bo‘lib o‘tgan 16-yalpi majlisida Toshkent viloyatining shahar va tumanlari chegaralariga o‘zgartish kiritish masalasi ko‘rib chiqildi, deya xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Gap Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on, Ohangaron, Bekobod, Bo‘stonliq, Bo‘ka, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Qibray, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l tumanlari va Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyo‘l, Bekobod shaharlari chegaralarini o‘zgartirish haqida ketmoqda.

Qayd etilganidek, bugungi kunda Toshkent viloyatining bir qancha tuman va shaharlari, jumladan, viloyatning Angren va Bekobod shaharlari hamda Qibray va Piskent tumanlari boshqa tuman va shaharlarda joylashgan «anklav» hududlarga ega. Bu holatlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashning samarali tashkil etilishi, aholining ijtimoiy ta’minoti va davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarini amalga oshirishi, voyaga yetmaganlarning ta’lim jarayonini nazorat qilish hamda ularni tuman (shahar) darajasidagi ommaviy tadbirlarga jalb qilish va boshqa jarayonlarda muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi hamda «O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida"gi qonunga asosan Toshkent viloyatining yuqorida qayd etilgan tuman va shaharlari chegaralarini o‘zgartirish taklifi ilgari surilmoqda. Jami o‘zgartirilayotgan tuman va shaharlar chegaralarining yer maydoni 17 359,1 gektar bo‘lib, shundan 10 084,8 gektari qishloq xo‘jaligi yerlaridir.

Eslatib o‘tamiz, 15 iyun kuni Toshkent viloyati chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi taklif Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan edi. «Gazeta.uz» viloyatning shahar va tumanlari hududlari qanday o‘zgarishi haqida batafsil yozdi.

Toshkent va Toshkent viloyati chegaralarini o‘zgartirish bo‘yicha loyiha prezidentga o‘tgan yilning avgustida taqdim qilingan edi. Keyin Geodeziya kadastri davlat qo‘mitasi raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev Toshkent viloyatida jami 19 ta anklav hudud mavjudligini xabar qildi.