Sog‘liqni saqlash vazirligining taklifiga binoan, bugungi kunga qadar Respublika maxsus komissiyasining qarorlari bilan joriy etilgan tartib va cheklovlarga qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, 28 iyundan 12 iyulga qadar Toshkent shahriga qo‘shni viloyatlardan avtotransport (avtobus, avtomobil) vositalari orqali o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda kirish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatildi.
Shuningdek, 28 iyundan boshlab respublika bo‘ylab ko‘ngilochar obyektlar — restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish obyektlari — kafe, oshxona, choyxonalarni ishlashiga soat 8:00 dan 20:00 gacha ruxsat beriladi.
Ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obyektlarida tashrif buyuruvchilarga ushbu muassasalarning umumiy sig‘imining 50 foizidan qat’iy oshirmagan holda xizmat ko‘rsatish belgilandi.
Oldinroq, xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamlari bilan birgalikda Toshkent shahri aholisining 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha qatlamini o‘zlari biriktirilgan oilaviy poliklinikalarda koronavirus infeksiyasiga qarshi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ihtiyoriy tarzda ommaviy emlanishi belgilanganligi haqida xabar bergan edik.