«Gazeta.uz» kolumnisti Botir Qobilov «Shahar odamlar uchun» loyihasida shaharlarimizni qanday qilib xavfsiz, sog‘lom, qulay va eng muhimi yashashga yaroqli qilish haqida so‘z yuritadi.
To‘g‘ri rejalashtirilgan va amalga oshirilgan urbanizatsiya bandlikni ta’minlashning eng yaxshi imkoniyatlari hamda hayot, ta’lim va sog‘liqni saqlash sifatini oshirish hisobiga kambag‘allik va tengsizlikni qisqartirishi mumkin. Ammo, kuzatayotganimiz — ilg‘or tajribalarni e’tiborsiz qoldirish havo sifatining yomonlashishi va umuman atrof-muhitning ifloslanishi, aholi sog‘lig‘ining yomonlashishi, ko‘chalardagi muqarrar tirbandlik, ishchi kuchi mobilligining pastligi, tengsizlik, ijtimoiy izolyatsiya va iqtisodiy ko‘rsatkichlarning pastligi kabi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shaharlarga munosabat va ularni boshqarishimizdagi yondashuvlarimizni tubdan o‘zgartirish vaqti keldi.
Botir Qobilov o‘zining yangi maqolasida Toshkent misolida mamlakatimiz shaharlari qanday qilib yashil shahar bog‘larini yo‘qotib borayotgani haqida yozadi va ularni imkon qadar qutqarish, tiklash va haqiqiy egalariga — odamlarga qaytarishga chaqiradi. O‘zbekiston bayrog‘ida yashil rang bor — u barokatli tabiatni aks ettiradi. Ammo biz daraxtlarni (ularni kesishga moratoriy e’lon qilinishiga qaramay), istirohat bog‘larini, ko‘llarni va yashil ekinlarni yo‘qotayotganimizga qarab, tabiatga hurmat ko‘rsatilmayapti va uning qadr-qimmatini anglash tushunchasi yo‘qolgan degan xulosaga kelish mumkin.
Ushbu maqola e’lon qilinishidan bir kun oldin «Gazeta.uz» o‘zining Telegram-kanalida so‘rov o‘tkazdi. Biz Toshkentda istiqomat qiluvchi o‘quvchilarimizdan birgina savolga javob berishlarini so‘radik: «Jazirama issiqdan dam olish uchun sizga shaharda yashil zonalar va bog‘lar yetarlimi?» Bir kundan kam vaqt ichida kanalning o‘zbek tilidagi versiyasida 30 mingga yaqin, rus tilidagi versiyasida esa 20 mingdan ziyod kishi ovoz berdi. 93% rus tilida va 90% o‘zbek tilida «Yetarli emas» javobini tanladilar.
Doimiy aholisi 2,7 milliondan oshiq va umumiy aholi soni taxminan 4 millionga yaqin bo‘lgan Toshkentda 20 dan kam jamoat yashil istirohat bog‘lari mavjud. Ilgari poytaxtda bo‘lgan va odamlarga tegishli bo‘lgan bog‘larni va ko‘llarni yodga olishni taklif qilaman, ammo endi ular yopiq, ko‘llar quritilgan, maydonlar beton bilan to‘ldirilgan, foyda olish (do‘konlar, turar-joy majmualari va hokazolarni qurish) uchun xususiy mulkdorlarga berilgan.
«Poytaxt aholisi madaniyat va istirohat bog‘lari yetishmasligidan shikoyat qilmoqda. Ochig‘ini aytganda, bu borada biz poytaxt aholisi va mehmonlari, ayniqsa yoshlar oldida qarzdormiz». (Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 24 noyabrdagi Toshkentda aytilgan saylovoldi nutqidan.)
Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘
Nima uchun biz Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘imizni Toshkentning markazida joylashgan ko‘l bilan xususiy mulkchilik egaligiga topshirib qo‘ydik? Natijada, u savdo va ko‘ngilochar markazga aylandi.
Ilgari «Komsomol ko‘li» nomi bilan tanilgan ulkan ko‘lga ega bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ 1939 yilda ochilgan. Uning yaratilishida shahar aholisining o‘zi ishtirok etgan. Odamlar o‘z shaharlari markazida noyob yashil vohani qurish uchun hasharga chiqishgan o‘shanda.
Foto: Bog‘ qurilishining boshlanishi. 1939 yil. Manba.
Foto: Komsomol ko‘li qurilishi. Manba.
Bugun kosmosdan olingan tasvirlarda nafaqat qurigan ko‘l, balki tijorat yoki ma’muriy binolarning bog‘ ichiga «bostirib kirgani» ham aks etgan. Rasmiylar shahar aholisining bog‘larga tegmaslik haqidagi ko‘plab chaqiriqlarini e’tiborsiz qoldirishdi. Endi aholi sobiq Milliy bog‘ yonida joylashgan sobiq Navro‘z nikoh saroyi yaqinidagi chinorlarning yo‘q qilinayotganligidan shikoyat qilishmoqda.
Milliy bog‘dagi sobiq ko‘l xususiy mulchilikka o‘tishdan oldin va keyin (birinchi rasm — 2016 yil iyun, ikkinchisi — 2021 yil aprel). Manba: Google Earth.
Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i
Nima uchun 1930 yillarda yaratilgan va Eski shaharning deyarli yagona bog‘i bo‘lgan Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududida betonlashtirish va mehmonxona qurish uchun yer ajratilyapti?
Sun’iy yo‘ldosh fotosuratlaridan park maydoniga tijorat va notijorat binolar osongina kirib kelayotganini ko‘rish mumkin.
Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ (birinchi rasm — 2019 yil may oyi, ikkinchisi — 2021 yil aprel). Manba Google Earth.
Do‘stlik bog‘i (sobiq Bobur bog‘i)
Nima uchun Do‘stlik bog‘ini (sobiq Bobur bog‘i) chet el kompaniyasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va u uzoq vaqt davomida yopiq turibdi?
Samodan olingan tasvirlarda daraxtlar sonining kamayayotgani va qurigan suv havzasi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Sobiq Bobur bog‘i (birinchi rasm — 2008 yil iyul, ikkinchisi — 2020 yil avgust). Manba: Google Earth.
G‘ofur G‘ulom nomidagi bog‘
Nima uchun chet el kompaniyasiga o‘tkazishga qaror qilingan G‘ofur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘i ham uzoq vaqt mobaynida yopiq holda qolmoqda? Bog‘ ushbu hudud va uning atrofidagi aholi, ayniqsa, jazirama issiq paytida dam olishlari uchun muhim ahamiyatga ega Chilonzor tumanidagi eng katta yashil bog‘.
Nafaqat G‘ofur G‘ulom bog‘i hududiga, balki unga tutash hududlarga ham e’tibor berish muhimdir. Bog‘ ichidagi suv havzasi ikkinchi yil quruq qolmoqda.
Suratlarda stadion qurilishi, yo‘lning kengaytirilishi va ko‘prik qurilishi natijasida yo‘l bo‘yidagi qancha daraxt va ularning atroflari yo‘qolganligi ko‘rinib turibdi. Shuningdek, turar-joy massivlari ichida daraxtlarning yo‘qolishini aniq ko‘rish mumkin.
G‘ofur G‘ulom nomidagi bog‘ning atrofi (birinchi rasm — 2008 yil may, ikkinchisi — 2020 yil may). Manba: Google Earth.
Gulshan bog‘i
Nima uchun Gulshan bog‘i hududida bog‘ning o‘rniga tibbiy klinikalar qurilmoqda?
Gulshan bog‘i (birinchi rasm — 2018 yil avgust, ikkinchisi — 2020 yil avgust). Manba: Google Earth.
Baxt ko‘li (Rohat)
Baxt ko‘li nafaqat shahar aholisi uchun an’anaviy dam olish maskani, balki suvda suzuvchi va suvga yaqin qushlarning noyob rezervati ham bo‘lgan.
1990 yillarda qo‘shni Rohat ko‘l-bog‘i elita golf klubiga aylangandan so‘ng, Baxt ko‘li butun Bektemir tumanidagi yagona bog‘ maydoni bo‘lib qolayotgan edi. 1970 yillarning o‘rtalaridan taxminan 2000 yillarning boshlariga qadar Baxt ko‘lidagi dam olish zonasi Toshkentdagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan va eng mashhur joylardan biri bo‘lgan.
Hozir ko‘l chet el kompaniyasiga topshirilgan va qo‘riqxona o‘rnida navbatdagi siti barpo etilmoqda.
Baxt ko‘li. Birinchi rasm — 2006 yil iyul, ikkinchisi — 2020 yil avgust. Manba: Google Earth.
«Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi
Sokin va yashil joy bo‘lgan «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilish paytida nima uchun do‘kon, kafe va amfiteatr uchun yer berish rejalashtirilgan edi?
Nima uchun qatag‘on natijasida mamlakatning eng ilg‘or vakillari yo‘q qilinganlar xotirasiga barpo etilgan yodgorlik savdo va ko‘ngilochar obyektga aylanmoqda? Jamoatchilik aralashuvidan so‘ng, Qurilish vazirligi chakana savdo shoxobchalari, kafelar, amfiteatr, ko‘ngil ochar joylar va boshqalarni loyihadan chiqarish to‘g‘risida e’lon qilgan bo‘lsa ham, milliy bog‘lar va majmualarda bunday g‘oyalar amalga oshirilmasligiga kafolat bormi?
Botanika bog‘i
Shahar aholisi, shuningdek, O‘zbekistonning milliy boyligi bo‘lgan Botanika bog‘ining taqdiridan juda xavotirda. Bu jonli ochiq osmon ostidagi tabiat muzeyi. Muzeyda esa raqsga tushilmaydi va qo‘shiq kuylanmaydi, u yerga tabiatni o‘rganish va o‘qish uchun boriladi. Tabiatni o‘rganish sukunat va yolg‘izlikni talab qiladi. Ammo so‘nggi yillarda bog‘ hududida tobora ommaviy va xususiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Mahorat darslari, intellektual o‘yinlar, raqs ansambllari va yoshlar rok guruhlari, shoirlarning chiqishlarini qo‘llab-quvvatlash kerak, albatta. Biroq, bu tadbirlarni Botanika bog‘ida olib borilishini to‘xtatish kerak. Shaharda bunday tadbirlar uchun joylar yetarli. Ushbu maqola tayyorlanayotganda, Toshkent botanika bog‘ida minglab yoshlar uchun ikki kunlik tadbir bo‘lib o‘tdi. Fotosuratlarga qaraganda, forumdan so‘ng Botanika bog‘i xodimlari axlatlarni tozalashlari va inshootlarni demontaj qilishlariga to‘g‘ri kelgan. Forum arafasida shahar obodonchilari ham daraxtlar orasidagi o‘tlarni yulishgan, Botanika bog‘i atrofida og‘ir yuk mashinalari va avtobuslar harakatlanishgan.
Botanika bog‘i «obodonlashtirish»ga muhtoj emas. Bu yerda velosiped yo‘llari, kafe va boshqa inshootlarni qurishning hojati yo‘q. Bog‘ni faqat o‘z holiga qo‘yish kerak. U shahar byudjetidan yetarli moliyalashtirilishi kerak. Eslatib o‘taman, Botanika bog‘i — o‘yin-kulgi joyi emas. Bu ilmiy joy.
Suvsiz shahar
Ko‘llar va suv infratuzilmasi qurishi — biz, afsuski muvaffaqiyatga erishgan narsaga o‘xshaydi. Orol dengizi muammosi haqida hammamiz bilamiz va bizning geografik joylashuvimiz bizni dengizga yoki okeanga chiqish nuqtai nazaridan qanday qiyin ahvolga solib qo‘yishini yaxshi bilamiz. Daryolarimiz va ko‘llarimizdagi suvni ham, ichimlik suvini ham isrof qila olish hashamati bizda yo‘q.
Lekin nima uchun biz bila turib bunga befarqmiz va shaharlarimizdagi barcha shahar ko‘llarini quritamiz? Bu allaqachon Toshkent shahri havo sifatiga ta’sir ko‘rsatib ulgurgan.
Istirohat bog‘larisiz shahar va buning oqibatlari
Biz «istirohat bog‘i» so‘z birikmasining ta’rifini unutganga o‘xshaymiz. Istirohat bog‘i — bu sayr qilish va dam olish uchun ajratilgan yer maydoni. Bu daraxtlar, o‘tlar, gullar, suv havzalari yoki favvoralar bilan ko‘kalamzorlashtirilgan maydon. Boshqa hech narsa emas.
Shahar bog‘lari — bu odamlar bo‘sh vaqtlarini o‘tkazadigan, shaharning shovqinidan dam oladigan va shunchaki tabiatdan zavqlanadigan joy. Nima uchun biz hech qanday ma’muriy, texnologik binolar, umumiy ovqatlanish va savdo shoxobchalari, muzeylar va shovqinli attraksionlarsiz shunchaki yashil, sokin bog‘ga ega bo‘lolmaymiz? Dunyoning ozmi-ko‘pmi rivojlangan shaharlarining barchasida anchadan buyon attraksion bog‘lar shahar tashqarisida barpo etiladi. Sobiq Milliy bog‘da bo‘lgani kabi aynan shahar markazida emas.
Shahar bog‘lari nafaqat daraxtzor joy, balki ular har bir aholining hayot sifatini va uzoq umr ko‘rishini yaxshilash uchun ulkan salohiyatga ega. Shahar bog‘lari, ayniqsa, mobilligi cheklangan yoki shaxsiy hordiq chiqarish imkoniyati cheklangan odamlar (masalan, shahar tashqarisida), shu jumladan yoshlar, qariyalar, kam ta’minlangan odamlar uchun juda muhimdir.
Lekin nima uchun biz doimo buni e’tiborsiz qoldiramiz?! Men jamoat yashil bog‘larini xususiy mulkdorlarga o‘tkazish, ularni tijorat loyihalari, kafelar, do‘konlar, ko‘ngilochar joylar uchun rekonstruksiya qilish nafaqat yashil bog‘larning yo‘qolishiga, balki jiddiyroq va hatto halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga e’tibor qaratmoqchiman. Shahar bog‘lariga barcha uchun teng bo‘lmagan kirish imkoniyati yoki umuman kirish uchun ruxsat yo‘qligi aholining sog‘lig‘iga (jismoniy va ruhiy jihatdan) va mehnat samaradorligiga salbiy ta’sir qiladi, shu bilan birga ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlikni kuchaytiradi.
Daraxtlardan bahramand bo‘lish imkoniyatining chegaralanishi aholining daromadlaridagi farqni ko‘rsatadi. New York Times nashrining yaqinda e’lon qilingan maqolasida boy odamlar bog‘ va daraxtlardan ko‘proq foydalanish imkoniyatiga ega ekanliklari, natijada ular yashi sifatdagi havodan nafas olishlari va sog‘lig‘i yaxshilanganligi aniq ko‘rsatilgan. Xususan, badavlat amerikaliklar yashash joylarida daromadi pastroq bo‘lgan hududlarga nisbatan 50% ko‘proq yashilliklarga (daraxtlar va bog‘larga) ega. Shu bilan birga, yuqori daromadga ega bo‘lgan odamlar shaharlar chekkasida yashash, ko‘proq daraxtlardan bahramand bo‘lish, tabiatga va chet elga tez-tez sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin, ammo daromadlari cheklangan odamlar bunga qodir emaslar. Odatda ular yo‘llar, binolar va to‘xtash joylari kabi beton yuzalar nisbati kattaroq bo‘lgan joylarda hamda daraxtlar va bog‘lar soni juda cheklangan hududlarda yashaydilar.
Tobora yomonlashayotgan Toshkent ekologiyasi, tozalash inshootlari va tiqilib qolgan kanallardan keladigan tungi badbo‘y hid, qurilish loyihalari natijasida kelib chiqadigan chang bo‘ronlari va avtomobil yo‘llari bo‘ylab havo sifatining doimiy ravishda yomonligi bilan birgalikda fuqarolarning sog‘lig‘iga qattiq zarba berish bilan tahdid qilmoqda.
Bularning barchasi prezident va hukumat qarorlarini buzgan holda va (!) huquqni muhofaza qilish idoralari himoyasida daraxtlarni ommaviy va doimiy ravishda kesish, ko‘chalarni doimiy ravishda kengaytirish va dahshatli chorrahalar qurish, shuningdek, turar-joy binolari hovlisi oldidagi gulzorlarni yo‘q qilish va bolalar o‘yin maydonchalarini betonlashtirish bilan bir vaqtda sodir bo‘lmoqda.
Shahar bog‘larini yo‘qotish haqida faqat Toshkent misolida gapiryapman. Biroq, ushbu tendensiyani mamlakatning barcha shaharlarida kuzatish mumkin, axir Toshkent har doim boshqa hududlar uchun namuna bo‘lib kelgan. Yaqinda «Gazeta.uz» daraxtlarning kesilishi tufayli Zarafshon milliy tabiiy bog‘i bir necha yil ichida yashil vohadan deyarli yarim cho‘lga aylanganini yozgan edi.
Shahar bog‘lari va salomatlik
Barchamiz instinktiv darajada shaharlarda bog‘larning bo‘lishi yaxshi ekanligini bilamiz. Yashil o‘tlar, baland daraxtlar va tabiat hidi bilan ko‘rkam bog‘da sayr qilish bir zumda kayfiyatni ko‘taradi va umuman bu hudud haqida yaxshiroq tasavvur hosil qiladi.
Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yashil hududlarda yashovchi odamlarda stress, xavotir va tushkunlik darajasi past bo‘lib, ular g‘azab va tajovuzkorlikning past darajasini his qilishlari haqida aytishadi. Yurak kasalligi o‘lim holatlari va umumiy o‘lim ko‘rsatkichlari yashil hududlarda yashovchilar uchun 12−15 foizga kamroq. AQShda, shumtol qo‘ng‘izi tomonidan zararlangan shumtol daraxtlarining asta-sekin yo‘q bo‘lib ketishi yurak-qon tomir kasalliklari o‘limining tobora ko‘payib borishi bilan bog‘liq ekanligi aniqlangan edi. Bu esa daraxtlar nobud bo‘lgan joylarda odamlar ham vafot etishlari mumkinligidan darak beradi.
Tadqiqotga ko‘ra, bog‘larni yaratish va saqlashga sarflangan har bir dollar sog‘liqni saqlash xarajatlaridan qariyb 3 dollarni tejaydi.
Shahar bog‘lari va pul
Bog‘larni yopish yoki shahar yashil bog‘larini xususiy mulkdorlarga berish tarafdorlari o‘z harakatlarini oqlash uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan ba’zi argumentlarni ko‘rib chiqamiz.
Argument: «Bizning sharoitimizda istirohat bog‘lari zararga ishlaydi, foydasiz va davlat dotatsiyasida turadi. Bundan kelib chiqadiki, bog‘ni pul ishlaydigan qilib qayta qurish kerak».
Shunaqa bahona bilan bizning bog‘larimizni xususiy mulk egalariga o‘tkazishga harakat qilishmoqda. Shahar bog‘lari shahar munitsipaliteti uchun foyda keltirmasligi rost. Shahar bog‘lari o‘zining saqlanishini moliyaviy tomondan oqlamaydi. Ammo ular odamlar va shahar uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega. Bog‘larning ba’zi bir afzalliklari iqtisodiy nuqtai nazardan baholanadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, yashash joyi yaqinida shahar bog‘ining mavjudligi mulk qiymatini 10−30 foizga (bog‘dan 600 metrgacha) oshiradi. Bog‘ning yaqinligi, shuningdek, ushbu hududda joylashgan korxonalarning foydasi va qiymatini oshiradi. Bu, asosan, odamlar ko‘kalamzorlashtirilgan joylarda yashash va ishlashni afzal ko‘rishlari bilan bog‘liq.
Bog‘lar ko‘plab ekologik afzalliklari, shu jumladan o‘simlik va hayvonlarning yashash joylarini saqlab qolish, havoning ifloslanishini kamaytirish va suvni filtrlash bilan birgalikda mahalliy byudjetlarga ham, yaqin atrofdagi aholiga ham iqtisodiy foyda keltiradi. Yaxshi parvarishlangan bog‘lar va ular uchun yetarlicha yerni tejash moliyaviy daromad keltirishi mumkin, bu ko‘pincha sarmoyalangan mablag‘ (bog‘larni qurish uchun) va parvarishlash xarajatlaridan oshib ketadi.
Bog‘larni shahar muhitiga yaxshi integratsiyalashuvi natijasida kamroq ko‘zga tashlanadigan iqtisodiy foyda ham mavjud. Avvalroq aytib o‘tganimdek, bog‘lar yaqin atrofda yashovchilarning sog‘lig‘ini yaxshilaydi. Bu odamlar sog‘liqni saqlashga kam pul sarflashlarini anglatadi. Masalan, tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Filadelfiyadagi (Pensilvaniya, AQSh) jamoat bog‘lari yiliga shahar uchun 1 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ni tejaydi, bu har yili ularni parvarishlashga sarflanadigan mablag‘dan 100 baravar ko‘proq.
Bog‘larning afzalliklari juda ko‘p va ular ko‘p jihatlarda bir-biriga bog‘liqdir. Atrof muhitni yaxshilash odamlarning baxtini va sog‘lig‘i yaxshilanishini anglatadi, bu iqtisodiy o‘sishga yordam beradi, bu hayot sifatini yanada yaxshilaydi va hokazo. Ushbu rekursiv pozitivlik bog‘lar ularni yaratadigan va qo‘llab-quvvatlaydigan shaharlarga keng qamrovli va yaxlit foyda keltirishini anglatadi.
Argument: «Bog‘ tashlandiq va yaroqsiz edi, shuning uchun biz undan yaxshiroq foydalanish yo‘lini topishimiz kerak».
Ehtimol, bu bog‘lar hududga e’tibor berilmaganligi va asta-sekin ifloslanishi tufayli mashhurligini yo‘qotayotgandir, ammo bu muammolarni hal qilish mumkin. Va bu bog‘ni yopish va do‘konlar hamda attraksionlar bo‘lgan shovqinli joyga aylantirish uchun bahona bo‘lib xizmat qila olmaydi.
Argument: «Bog‘ sayyohlarni jalb qilishi kerak».
Chet ellik sayyohlar shaharning o‘ziga xosligini va tarixiy merosini ko‘rish uchun kelishadi. Agar biz «hammasi sayyohlarni jalb qilish uchun» degan argumentni ishlatadigan bo‘lsak, afsuski, shu yo‘l bilan biz hoziroq ilgari sayyohlar birinchi navbatda tashrif buyurgan ro‘yxatdan Toshkentning eng mashhur sayyohlik yo‘nalishlaridan birini chiqarib tashlagan bo‘lamiz.
Argument: «Investor bog‘ni boshqarishni sizdan yaxshiroq biladi».
Ushbu argument shunchaki yerlarni davlat mulkidan xususiy mulkka qayta taqsimlash uchun ishlatiladi. Birinchidan, har qanday investorning maqsadi daromadni ko‘paytirishdir. Agar odamlarga qarashli shahar bog‘ining yerlari investorga berilsa yoki ijaraga berilsa, u holda investordan odamlar manfaatlarini ko‘zlashini kutish mumkin emas. Investor tijorat binolari, klinikalar, mehmonxonalar, ko‘ngilochar bog‘lar yoki do‘konlarni quradi — barchasi dastlabki sarmoyani qaytarish va ko‘proq pul ishlash uchun. Boshqacha qilib aytganda, avvalgi bog‘ning yerlaridan olinadigan foyda endi qachonlardir bog‘ga egalik qilgan, undan foydalangan va undan zavq olgan aholi o‘rtasida emas, balki investorlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Umuman olganda, daraxtlarni kesish va istirohat bog‘lari va yashil maydonlarni qisqartirish orqali biz nafaqat atrof-muhitni yo‘q qilamiz, balki aholi o‘rtasida tengsizlikni kuchaytiramiz, aholini nosog‘lomroq, baxtsizroq va kambag‘alroq qilamiz.
Qo‘shnilarda nima gap?
Olmaotada to‘qqizta yangi istirohat bog‘i barpo etilmoqda, bu yerni shahar mulkiga qaytaradi. Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ham Olmaotaning markazida ko‘p qavatli uylar qurilishi va shaharni ko‘kalamzorlashtirish muammosi haqida qayg‘urdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «rahbarlarning bugungi avlodi tabiat va yashil maydonlarning dushmanlari sifatida tarixga tushib qolish xavfi ostida».
Tbilisi shahar meriyasi uchun rekreatsiya zonalarini rivojlantirish birinchi vazifa deb e’lon qilindi. Buning uchun minglab gektar yerlar hozir ko‘kalamzorlashtirish jarayonidan o‘tmoqda. Shahar meriyasi tarixiy yodgorlik bo‘lgan Vake bog‘ini tiklamoqda. Hududni tavsiflovchi barcha tafsilotlar saqlanib qolinmoqda va tiklanmoqda. Toshkentdan farqli o‘laroq, Tbilisi meriyasi shaharning eng muhim rekreatsiya zonasi — Toshbaqa ko‘lini tiklamoqda.
Kiyev meriyasi tashlandiq «Sovki» parkini yangilab, tikladi. Yangilangan bog‘da na kafe, na do‘kon, na attraksion mavjud.
Bishkekda yangi bog‘lar va xiyobonlar barpo etilmoqda, piyodalar uchun yashil zonalar ko‘paytirilmoqda.
Nima uchun O‘zbekiston shaharlari bu shaharlardan farq qilishi va teskari yo‘nalishda ketishi kerak?
Nima qilish kerak?
Har doim savol tug‘iladi, endi nima bo‘ladi? Birinchi qadam sifatida biz hozir qilayotgan ishimizni to‘xtatishimiz kerak:
- Daraxtlarni kesishni to‘xtatish kerak. Har qanday daraxtlarni. Istisnolarsiz.
- Shahar bog‘larini yopishni, ularni chakana savdo do‘konlari, kafelar yoki tijorat binolari uchun rekonstruksiya qilishni to‘xtatish kerak. Bog‘larda attraksionlar, plastik va beton maydonlar kerak emas. Шаhar bog‘larini o‘z holiga qo‘yish kerak.
- Yashil zonalar hisobiga qurib bitkazilgan turar joylar ichida qurilishni to‘xtatish va bo‘sh joylarni yashil zonalarga aylantirish kerak.
- Avtomobillar uchun mavjud ko‘chalarni kengaytirishni to‘xtatish, yangi keng yo‘llar va o‘tish joylari qurilishini qayta ko‘rib chiqish kerak (bu haqda keyingi maqolada batafsil).
- Mavjud eski infratuzilma ustida har qanday binolarning qurilishini to‘xtatish kerak.
Va nihoyat, aholining hovlilari, ko‘chalari, shaharlarida HAR QANDAY loyihani amalga oshirishdan oldin ularning fikrlarini inobatga olmaslikni to‘xtatib, ularni tinglashni boshlash kerak.
So‘ngso‘z
Varvarlar hamma joyda va har doim bo‘lgan. Shuning uchun qonun va huquqni muhofaza qilish idoralari, sudlar va parlament mavjud. Agar oddiy qoidaga rioya qilinsa, yuqorida tilga olinganlarning barchasi amalga oshiriladi va har bir daraxt saqlab qolinadi: har kim o‘z ishini bajaradi va Konstitutsiyaga amal qiladi. Davlat va mansabdor shaxslardan bitta narsa talab qilinadi: o‘z majburiyatlarini bajarish — qonun ustuvorligini ta’minlash va Konstitutsiyaga rioya qilish:
«Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir». (55-modda).
Afsuski, bizda hali ham umumiy manfaat nima va nima uchun daraxtlar va bog‘larni har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham himoya qilishimiz kerakligi to‘g‘risida tushuncha va birdamlik yetishmayotganga o‘xshaydi. Ba’zilar daraxtlarni yoqtirmaydilar, chunki ularga to‘siqdek qaraladi, daraxtlar mashinalarga qulab tushadi, restoran ko‘rinishini to‘sadi yoki shunchaki o‘tin uchun ishlatiladi. Ammo Konstitutsiyaga rioya qilish kerak:
«Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar». (50-modda).
Biz ham qisman aybdormiz, har bir fuqaro. Birovni ayblash har doim ham oson, ammo daraxtlarni, shahar bog‘larini asrash, piyodalar uchun shaharlar yaratish, havo sifati va ekologiya kabi mavzularning aksariyati biz shaxsan to‘qnash kelaganimizdagina bizni tashvishga solishni boshlaydi. Har birimiz o‘z sukutimiz bilan shahar bog‘larining yo‘q qilinishiga hissa qo‘shamiz.
Ko‘chalaringizda, mahallalaringizda kesilayotgan daraxtlarni ko‘rganingizda yoki sizning hududingizdagi shahar bog‘lari to‘satdan to‘sib qo‘yilganda jim turmaslik kerak. Agar biz haqiqatan ham fuqarolik jamiyatini qurmoqchi bo‘lsak, bu avvalo bizga tegishli bo‘lgan narsalarni va umumiy manfaatlarni himoya qilishdan boshlanadi.
Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasiligi mumkin.